OKMKga gol urgan "Buxoro" darvozaboni: "To‘g‘risi, buni o‘ylamagandim, ammo Baqoev ishongan ekan"

  • 1 may, 2024, 06:51
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Buxoro” klubi kuni kecha O‘zbekiston Kubogi guruh bosqichining oxirgi turida safarda OKMKga qarshi maydonga tushdi. Uchrashuv 2:1 hisobida olmaliqliklarning g‘alabasi bilan yakunlanish arafasida “Buxoro” darvozaboni Shirinboy Abdullaev katta sahnaga chiqdi. U oxirgi soniyalarda jamoasiga yordam berish uchun OKMK jarima maydoni ichiga etib keldi va burchakdan uzatilgan to‘pni OKMKdagi hamkasbining darvozasiga kiritdi. 2:2 natijasidan keyin “Buxoro” keyingi bosqichga chiqdi. OKMK esa guruhda qolib ketdi. Holbuki, buxoroliklar OKMKga qarshi uchrashuvda 10 futbolchi bo‘lib qolgandi. Shunga qaramay, oxirgi soniyada darvozabonning goli evaziga jamoa keyingi bosqichga yo‘l oldi. Shundan so‘ng Sports.uz jurnalisti Shirinboy Abdullaevdan intervyu oldi.

Tecno

- Shirinboy, darvozabon bo‘lsangizda gol urib “Buxoro”ni mag‘lubiyatdan qutqarib qoldingiz va keyingi bosqichga olib chiqa oldingiz. Hammasi qanday yuz berdi?

- Albatta, gol urib jamoaga natija keltirganimdan xursandman. O‘yinni qiyin o‘tishini bilardik. Bizni durang natija ham qoniqtirardi. Shuning uchun uchrashuv boshidan himoyaga e’tibor qaratdik. Afsuski, birinchi bo‘lib gol o‘tkazib yubordik. Keyin hisobni tenglashtirib oldik. 10 kishi bo‘lib qolganimizdan so‘ng OKMK yana hisobda oldinga chiqib oldi. Biroq so‘nggi soniyalarda xarakter ko‘rsatib, hisobni tenglashtirdik. Bu golda birgina men emas, jamoadoshlarimning ham hissasi bor. Uchrashuvda hamma borini berdi, barchaga rahmat aytaman.

- Faoliyatingizda avval ham gol urganmisiz?

- Ha, bu professional faoliyatimda birinchisi.

- O‘sha vaziyatda raqib jarima maydoni ichiga kirganingizda gol urishingizni tasavvur qilganmisiz?

- Rostini aytsam, jarima maydoni ichiga bormoqchi emasdim. Chunki hali vaqt bor, deb o‘ylagandim. Lekin Ulug‘bek Baqoev jarima maydoni ichiga kirishimni aytdi. To‘g‘risi, gol uraman deb o‘ylamagandim.

- Gol urganingizdan keyin Baqoev sizga nimalar dedi?

- Gol urganimdan keyin Ulug‘bek Baqoev oldimga kelib senga aytgandimku, jarima maydoniga kirgin, urishingni sezgandim, degan gapni aytdi. Hamma xursand bo‘ldi. Murabbiyimiz gol urishimga ishongan ekan.

- “Buxoro”ning Kubokdagi vazifasi qanday? Keyingi bosqichda qaysi raqibni kutyapsiz?

- O‘zbekiston Kubogida “Buxoro” jamoasiga maksimal natija ko‘rsatish vazifasi qo‘yilgan. Xudo xohlasa, yaxshi natija ko‘rsatishga harakat qilamiz. Bizga raqib kim bo‘lishidan qat’iy nazar g‘alaba uchun maydonga tushamiz.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!