
Ogoh bo‘l, o‘zbek bokschisi o‘ta xavfli!
28 sentyabr kuni Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida Xalqaro boks assotsiatsiyasi – IBA tomonidan “IBA chempionlar oqshomi” turniri o‘tkaziladi.
Musobaqaning asosiy jangida havaskorlar boksida jahon va qit’a chempioni bo‘lgan Mirazizbek Mirzaxalilov rossiyalik Vsevolod Shumkov bilan 57 kilogramm vazn toifasidagi chempionlik kamari uchun jang qiladi.
Vsevolod Shumkov Evropa chempioni va jahon chempionati sovrindori hisoblanadi. U professional ringda bitta jangda muvaffaqiyatqozongan. Mirazizbek hisobida profringda to‘rtta g‘alaba bor.
Rossiya boks jamoatchiligi vakillari Vsevolod Shumkovni o‘zbek bokschisi bilan jangda favorit, deb hisoblan noto‘g‘ri ekanini ta’kidlamoqda.
Sports.uz portali rossiyalik mutaxassislarning jang borasidagi fikrlarini o‘zbekistonlik muxlislar e’tiboriga havola qiladi.
Eduard Kvartsov, Rossiya boks federatsiyasi murabbiylar kengashi raisi:
- Men Vsevolodni bo‘lajak jangda yaqqol favorit, deb hisoblamayman. Hatto, ustunlik qiladi, deb ham bo‘lmaydi. Imkoniyatlar bir biriga juda yaqin. Mirzaxalilov tajribali bokschi, uning ruhiyati tetik va mustahkam. Uning meksikalik raqibi bilan da’vogarlik jangiga e’tibor qaratsak, men o‘zbekistonlik jangchi jang oxiriga borib tempini tushirib yuboradi, deb o‘ylaganman. Lekin jang davomida Mirzaxalilov raqibini “o‘tqazib” qo‘ydi.
Bundan tashqari, Mirazizbek tanlab-tanlab, aniq uradi va o‘zi raqib zarbasini juda kam o‘tkazadi.
Men tanlashim kerak bo‘lgani uchun Shumkovning imkoniyatini biroz yuqori baholashim mumkin, lekin bu sub’ektiv baho bo‘ladi xolos. Amalda esa, jang murosasiz kechadi va Shumkovni favorit, deyish juda qiyin masala.
Kirill Shekutev, Evropa boks konfederatsiyasi (EUBC) bosh kotibi:
- Bu Vsevolod Shumkov uchun kuchli zarbaga ega jiddiy raqibga qarshi o‘ta murakkab o‘n raundlik jang bo‘ladi. IBA chempionlik kamari uchun aynan mana shu ikki bokschi jang qilayotgani bejiz emas.
Ularning har biri da’vogarlar jangida chempionlik kamariga egalik qilish huquqini qo‘lga kiritdi. Nokaut bo‘ladi, deb o‘ylamayman, jang to‘liq davom etadi. Imkoniyatlar teng va juda murosasiz bahs kechadi.
Eslatib o‘tamiz, Mirazizbek Mirzaxalilov shu yilning fevral oyida da’vogarlik jangida Meksika vakili Luis Rodriges Okanani mag‘lubiyatga uchratgan edi.

Vsevolod Shumkov esa kubalik Saydel Xorteni engib, chempionlik jangida qatnashadigan bo‘ldi.
Fikrlar