
O‘FAda muhim masala yuzasidan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
O‘zbekistonda futbolchilarning maqomi va transferiga oid reglament ishlab chiqilmoqda
Kecha O‘FA, O‘zPFL va O‘zbekiston Futbolchilar uyushmasi vakillari o‘rtasida futbolchilarning maqomlarini belgilash, transferlardagi muammolarini bartaraf etish va tartibga solish maqsadida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.
Unda xorij davlatlarida keng qo‘llaniladigan “Futbolchilarning maqomi va transferi reglamenti”ni O‘zbekistondagi loyihasini ishlab chiqish masalasi muhokama qilindi. Ushbu reglament futbolchilarning boshqa klubga o‘tish vaqtidagi qiyinchiliklar va futbolchilar o‘rtasidagi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni bartaraf etishi ko‘zda tutilmoqda.
O‘z o‘rnida har uchala tomon ham ushbu loyiha bo‘yicha taklif va fikrlarini bildirib o‘tishdi. Shu kungacha bo‘lajak yulduzlarni etishishiga katta hissa qo‘shayotgan bolalar murabbiylari huquqlari inobatga olinmayotganligi tanqid ostiga olindi. Endilikda, reglament bolalar murabbiylarini va o‘sib kelayotgan yosh futbolchilarni manfaatlarini himoya qilishi lozimligi alohida ta’kidlab o‘tildi. Iste’dodli futbolchini etishtirgan murabbiy bo‘lajak transferlardan rag‘batlantirilishini tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish zarurligi belgilandi. Shuningdek, loyihadan o‘rin olishi kerak bo‘lgan boshqa qismlar muhokama qilindi.
Mazkur reglament loyihasi navbatdagi yig‘ilishda qayta ko‘rib chiqilishi belgilandi.
Fikrlar