"OChLda finalgacha bormoqchimiz, hech kimdan kam joyimiz yo‘q" - "Navbahor" bilan shartnomasini uzaytirgan futbolchining maqsadi katta

  • 25 dekabr, 2022, 15:23
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Saytimiz orqali xabar berib o‘tganimizdek, iqtidorli yarim himoyachi Doniyor Abdumannopov “Navbahor” klubi bilan shartnomasini uzaytirdi.

Tecno

Shunday qilib, u “Mavsum-2023”da ham namanganliklar sharafini himoya qiladi. Sports.uz jurnalisti Doniyorning shartnomasini uzaytirilganidan keyin o‘zi bilan suhbatlashdi.

- Chempionat tugagach, sizni ham jamoangizni o‘zgartirishingiz mumkinligi xususida eshitgandim. Boshqa klublardan takliflar ham bor edi. Ammo “Navbahor” bilan shartnomani yana uzaytiribsiz. Muzokaralar uzoq davom etdimi?

- To‘g‘ri, takliflar yo‘q emasdi. Ko‘p klublar aloqaga chiqdi. O‘zimizga qulayini va kelajak uchun foydali variantni tanladim. “Navbahor” bilan yana bir yillik shartnoma imzoladim.

doniyor4

- Shuningdek, legioner sifatida chetga ketish imkoniyatingiz ham bormidi?

- Chetdan ham variantlar bo‘ldi. Bir yil zaxiradan maydonga tushib o‘ynadim, barqaror to‘p surmadim. Xudo xohlasa, jamoamda barqaror o‘ynaganimdan keyin chetga harakat qilaman.

- “Navbahor” bilan kumush medalni qo‘lga kiritdingiz. Osiyo Chempionlar ligasi yo‘llanmasi ham qo‘lga kiritildi. Hammasi siz uchun qoniqarlimi?

- Hammasi yaxshi va ko‘ngildagidek zo‘r bo‘ldi, deb o‘ylayman. Kamchiliklar bo‘ldi, shularni ustida ishlab to‘g‘rilaymiz.

doniyor_1

- Birinchi marotaba Samvel Babayan qo‘li ostida yarim mavsumni o‘tkazdingiz. Ushbu mutaxassis bilan ishlash qanday ekan?

- Yaxshi. Murabbiy va inson sifatida ham ajoyib.

- Sizni ko‘proq nimasi bilan hayron qoldirdi?

- Har tomonlama zo‘r. Yomon tarafini ko‘rmadim.

doniyor2_1

- Namanganda to‘p surish oson emas. Ayniqsa, yangi kelgan futbolchilarning dabdurustdan muxlislarning bosimini ko‘tara olmay qolgan paytlarini ham ko‘rganmiz. Chindan ishqibozlarning bosimi kuchlimi yoki sizga unchalik sezilmadimi?

- Bosim bor. Oldin “Andijon”da o‘ynaganman. O‘zingiz bilasiz, u erda ham bosim bo‘ladi. Shuning uchun farqi katta emas, lekin bosim bor. Muxlislar ko‘p kiradi.

- Ularning qo‘llab-quvvatlashi jamoaning natijalariga qanchalik ta’sir qildi, deb o‘ylaysiz?

- Katta yordam berishadi. Futbolchi sifatida maydonga chiqsangiz bu hol o‘zingizga seziladi.

doniyor3_1

- Siz hali Osiyo Chempionlar ligasida o‘ynamagansiz. Bu safar “Navbahor” tarkibida OChLda debyut qilish imkoniyatingiz bor. Maqsad qanday?

- Xudo xohlasa, hammasini yutishimiz kerak. O‘zimizni niyatimiz ham shu.

- Osiyo Chempionlar ligasidagi ishtirokni qanday tasavvur qilyapsiz?

- Oxirigacha – finalgacha bormoqchimiz. Bunga jamoamizning imkoniyati etarli. Hech kimdan kam joyimiz yo‘q.

- Namanganlik muxlislar yangi mavsumda yanada ko‘p narsalarni kutishyapti...

- Biz ham ulardan ko‘p narsa kutyapmiz (kuladi). Yangi mavsumda yanada kuchli qo‘llab-quvvatlov ostida bizga katta yordam berishadi, deb umid qilaman.

doniyor5_1

- 2022 yilgi chempionat sizga ko‘proq nimasi bilan yodda qolarli bo‘ldi?

- Bu mavsum finalni yuta olmaganimiz bilan yodda qoldi. O‘shanda biz yutishimiz kerak edi. Yangi mavsumda Kubokni ham yutib, chempion bo‘lishga harakat qilamiz.

- Yangi mavsumdan futbolchi sifatida nimani kutyapsiz?

- Albatta, eng yaxshisini kutyapmiz. Sovrinlarni yutish, chempionlikni qo‘lga kiritish. Chempion bo‘lsak, ishonch oqlanadi (kuladi).

Shuhratbek Jo‘raev.  

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!