OChL. "Navbahor" saralash doirasidagi ilk o‘yinni Namanganda OFK kubogi g‘olibiga qarshi o‘tkazadi. O‘yin sanasi ham ma’lum!

  • 7 iyun, 2023, 18:18
  • 1
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Xabaringiz bor, "Navbahor" jamoasi o‘tgan mavsum Superligada vitse-chempionlikni qo‘lga kiritib, Osiyo Chempionlar Ligasi (OChL) yo‘llanmasiga ega chiqqandi.

Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) tomonidan OChLda O‘zbekistonga 2+2 yo‘llanmasi taqdim etilgani bois “Navbahor” chempionlar ligasining guruh bosqichidan joy olish uchun OChL 2023/2024 yillar mavsumi taqvimiga ko‘ra, “pley-off” doirasida 2 ta o‘yin o‘tkazishi lozim.

“Lochinlar”ga bu yo‘lda Ummonning “Al-Sib” va Qatarning “Al-Vakra” klublari raqib bo‘ladi. Ummonliklarga qarshi kechadigan bahsning Namanganda, qatarliklar bilan bo‘ladigan bellashuvning esa Al-Vakrada bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda “Al-Sib” litsenziyalash talabini bajarmaganligi sabab Samvel Babayan shogirdlari OChL “pley-off”ini ikkinchi bosqichdan boshlashlari, ya’ni, Namangandagi o‘yin o‘tkazilmasligi borasida xabarlar tarqalgandi.

Biroq “Al-Sib” klubi o‘z rasmiy saytida jamoa milliy chempionat va OChL o‘yinlari uchun litsenziyani qo‘lga kiritganligini ma’lum qildi.

O‘tgan mavsumning OFK kubogi sohibi, shuningdek, Ummon Professional Ligasida 14 jamoa orasida 3-pog‘onani band etib, bronza medalini qo‘lga kiritgan “Al-Sib” bilan “Navbahor”ning Namanganda 15 avgust kuni kuch sinashishi rejalashtirilgan. Mazkur juftlik g‘olibi esa 22 avgust kuni o‘tgan mavsumda Qatar Yulduzlar ligasida 4-o‘rinni egallagan “Al-Vakra”ga qarshi safarda maydonga tushadi.

OChLning bo‘lajak “pley-off” bahslarida "Navbahor" jamoasiga omad yor bo‘lib, OChL guruh bosqichi yo‘llanmasini qo‘lga kiritishiga tilakdoshmiz!

 

“Navbahor” PFK matbuot xizmati.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
nawruz.eshmurodoff2017@gmail.com
07/06/2023 18:50
2+2 квота берилади. Бизникилардан эса нари борса 1 таси гурухдан чиқади, шуни ҳам эпласа.