
Oblak: "Atletiko" Chempionlar ligasini yutishi mumkin"
Bugun "Atletiko" umumiy guruh bosqich 1-turida safarda "Liverpul"ga qarshi bahs o‘tkazadi. Bu o‘yin Oblak uchun "matraschilar" safidagi 500-o‘yin bo‘ladi.
"Har yili Chempionlar ligasi boshlanganda uni yutishni orzu qilaman. Haligacha buni uddalay olmaganman, lekin doimo shuni xohlayman va ijobiy fikrlayman. Yo‘l juda uzun, har bir o‘yin haqida alohida o‘ylash kerak. Qarshingizda kim turishi muhim emas – g‘alaba qozonishni xohlaysiz. Biz ham shu niyatdamiz.
Albatta, bu yo‘l juda qiyin bo‘ladi. Ilgari yakuniga etib bormaganmiz, ammo umid qilamanki, bu yil barqarorlikni saqlab, oxirigacha kurashamiz", – dedi Oblak.
Darvozabonning ta’kidlashicha, jamoa birdam fikrda bo‘lsa, orzular amalga oshishi mumkin:
"Bir soniya ham shubhalanish mumkin emas. Bu jamoadagi har bir kishi – futbolchilar, murabbiylar, rahbariyat, tibbiyot xodimlari – shu yo‘sinda o‘ylashi shart. Agar hamma ishonsa, hammasi mumkin. Biz maydonda borimizni berishimiz va oxirigacha kurashishimiz kerak", – deya qo‘shimcha qildi u.
Fikrlar