
“Nyukasl” Husanovni olishga tayyor, faqat...
Keyingi paytda Abduqodir Husanov Evropa futboli transfer xabarlarining asosiy qahramonlaridan biriga aylanib bormoqda.
“Lans”da porlay boshlagan 20 yoshli legionerimizga Frantsiyadan tashqari, Angliya, Italiya va Germaniyaning mashhur klublaridan qiziqish bo‘lmoqda.
Angliya futbolini yoritib kelayotgan footballinsider247.com portali o‘zining Inside Track podkastida Angliyaning eng badavlat klublaridan hisoblangan “Nyukasl”ning Abduqodir Husanovni transfer qilish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Podkast mehmoni bo‘lgan Angliya terma jamoasining sobiq darvozaboni Pol Robinson “Nyukasl”ning o‘zbek futbolchisiga jiddiy qiziqayotgani, bu transferning ahamiyati, uni amalga oshirish imkoniyatlarini tahlil qilib berdi.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, “Nyukasl” bosh murabbiyi Eddi Xau asosiy markaziy himoyachilar Sven Botman hamda Jamaal Laselles jarohat tufayli uzoq muddatga safdan chiqqani bois, qishki transferlar davridayoq himoya chizig‘ini yangi o‘yinchilar bilan kuchaytirish istagini bildirgan.
“Qarg‘alar” nishoniga tushgan futbolchilardan biri Frantsiya chempionatining eng yaxshi markaziy himoyachilaridan biriga aylanib qolgan Abduqodir Husanov hisoblanadi.
Sports.uz portali futbol eksperti Pol Robinsonning bu transfer haqida fikr-mulohazalarini o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etadi.
- Bu transfer juda murakkab. Abduqodir Husanov O‘zbekiston milliy terma jamoasida 16 ta uchrashuvda ishtirok etgan yaxshi saviyali o‘yinchi.
Markaziy himoyachi pozitsiyasiga 20 yoshli katta salohiyat egasini olib kelish imkoniyati bor. Biroq uning tajribasiga e’tibor qaratsak, yuqori darajada hali kam o‘ynaganini inobatga olishimizga to‘g‘ri keladi.
“Nyukasl” himoya chizig‘ini bezovta qilayotgan masala himoyachilarda tempning etishmasligidir. Bu borada Husanov juda zo‘r variant va ular salohiyatli o‘yinchini olgan bo‘ladi.
Boshqa tomondan hali yuqori saviyada o‘ynash bo‘yicha etarli tajriba to‘plab ulgurmagan juda yosh o‘yinchini transfer qilish va uni darrov eng murakkab musobaqa – Angliya Premer-ligasiga tashlash bu juda katta tavakkal ekanini unutmaslik lozim.
Kelajakda ham Husanov katta klublar nishonida bo‘ladi. Lekin “Nyukasl” hozirgi muammolariga tezkor echim qidirayotgan bo‘lsa, tajribasi kam o‘yinchini olish kutilgan natijani berishiga ishonchim komil emas.
Abduqodir juda sifatli o‘yinchi, ko‘p klublar unga qiziqish bildiryapti, lekin ularning aksariyati ham yosh o‘yinchiga darrov boshlang‘ich tarkibda joy bermasa kerak, - dedi Pol Robinson.
Darhaqiqat, Football Insider internet portali Pol Robinsonning fikrlaridan kelib chiqib, Abduqodir Husanovning o‘yinlari statistikasini keltirdi.
Maxsus ma’lumotnomada 20 yoshli himoyachi klublar miqyosida professional darajada 60 dan ziyod uchrashuvda ishtirok etgan, ana shu bahslarning 37 tasi Belarus chempionatiga to‘g‘ri kelganini, O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida 16 marotaba maydonga tushganini ma’lum qilgan.
Fikrlar