
Nodirbek katta turnirda qattiq kurashyapti
“Tata Steel Chess-2025” turnirining “Masters“ guruhida g‘oliblikka da’vogarlik qilayotgan Nodirbek Abdusattorov ushbu turda etakchilik poygasida hindistonlik Rameshbabu Praggnanandxaga yarim ochko hisobida imkoniyatni boy berib, o‘rinlarni almashib oldi. Ya’ni, hind shaxmatchisi 3,5 ochko bilan 1-o‘ringa ko‘tarilib olgan bo‘lsa, Nodirbek Abdusattorov 3 ochko holatida 2-o‘rinni band etib turibdi.
4-tur bahsida Nodirbek Abdusattorov oq donalarda harakatlanishiga qaramasdan xitoylik Vey I bilan 41-yurish holatida murosa yo‘lini tanladi. Rameshbabu Praggnanandxa Nodirbekdan farqli o‘laroq hamyurti Leon Lyuk Mendonkani 46-yurishda taslim etdi.
“Chellenjer“ guruhida ishtirok etayotgan hamyurtimiz Nodirbek Yoqubboev 3-turda bo‘lgani singari 4-turda ham omadsizlikka uchradi. 3-turda chexiyalik Nguen Tay Day Vanga ochko ulashgan Yoqubboev 4-turda oq donalarda hindistonlik Vaishali Rameshbabuga yutqazib qo‘ydi.
Ketma-ket omadsizlik Nodirbek Yoqubboevni 1,5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra 14 nafar ishtirokchi orasida hozircha 9-o‘rin bilan kifoyalanishiga olib keldi.
Yoqubboev guruhida 3 nafar shaxmatchi 3 ochko bilan etakchilikni mustahkamlayotgan vaziyatda 2 nafari 2,5, 3 nafari 2, yana 3 nafari 1,5 ochkoga ega bo‘lib turibdi.
5-tur o‘yinlarida "Masterc" guruhida Nodirbek Abdusattorov qora donalarda Niderlandiya vakili Yorden van Forest qarshiligini engishga harakat qiladi.
Nodirbek Yoqubboev 5-turda qora donalarda ozarbayjonlik Aydin Suleymanli bilan kuch sinashadi.
Eslatib o‘tamiz, 13 ta turdan iborat “Tata Steel Chess-2025” turniri 2 fevralga qadar davom etadi.
Fikrlar