
Neymar Namanganga kelolmaydi
Neymar 2026 yilgi jahon chempionati saralash turniri doirasida Braziliya terma jamoasining Urugvayga qarshi o‘tkazilgan safar uchrashuvida jarohat olib, maydonni erta tark etgan edi.
“Al-Hilol” klubi braziliyalik legionerining ahvoli haqida ma’lum qildi.
- Neymar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi va natijalar futbolchi tizzasidan og‘ir jarohat olganini tasdiqladi.
Endi hujumchi operatsiya qilinadi va keyin davolash dasturi ishlab chiqiladi, - deb bayonot berdi “Al-Hilol” matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga qaraganda, Neymar yarim yilgacha maydonga tusha olmaydi. Tabiiy ravishda jamoasining Osiyo chempionlar ligasidagi o‘yinlarini o‘tkazib yuboradi.
“Al-Hilol” musobaqaning D guruhida “Navbahor” bilan raqobatlashmoqda. Guruhda peshqadamlik qilayotgan bu jamoalar 28 noyabr kuni Namanganda o‘zaro to‘qnash keladi. O‘zbekistonlik futbol ishqibozlari shu kuni Neymar Namanganga kelishini kutayotgan edi. Afsuski, braziliyalik yulduz bo‘lajak uchrashuvda jamoasiga yordam bera olmaydi.
Eslatib o‘tamiz, Saudiya Arabistonidagi uchrashuvda namanganliklar 1:1 hisobida durang o‘ynab, “Al-Hilol”dan bir ochko tortib olgandi.
Fikrlar