
Nemislar “Barsa”ni maosh bilan “sindirdi”
Yaqinlashib kelayotgan yozgi transferlar oynasi “Atletik” yulduzi Niko Uilyams uchun juda qizg‘in bo‘ladigan ko‘rinadi. Unga Evropaning bir necha grandlari ko‘z tikayotgani bois, bilbaoliklarga o‘z o‘yinchisini saqlab qolish oson bo‘lmaydi.
Hujum chizig‘ini yangilashga qaror qilgan “Bavariya” 22 yoshli futbolchiga taklif tayyorlab bo‘ldi. El Nacional nashrining yozishicha, nemislar ispaniyalik o‘yinchiga har mavsum uchun 10 million evrodan maosh va’da qilyapti.
Bu maosh Niko Uilyamsni anchadan beri o‘z safiga chorlayotgan “Barselona”ning rejalariga zarba bo‘ldi. Chunki kataloniyaliklar moliyaviy ahvolidan kelib chiqib, maosh masalasida Evropaning boshqa grandlari bilan raqobatlasha olmaydi.
Manbaga ko‘ra, Niko Uilyamsning o‘zi kataloniyaliklar klubiga o‘tishga moyillik bildirmoqda. U “Barselona” mutasaddilari har ikki tomonni qoniqtiradigan echim topishini kutayotgani aytilmoqda.
Fikrlar