
Nega Olimpiadaga chiqa olmadik?
Xabaringiz bor yaqinda Tailand yashil maydonlarida 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi. Aytish kerakki, ushbu turnir “Tokio-2020” yozgi Olimpiada o‘yinlariga litsenziya berishi bilan ham ahamiyatli edi. Biroq amaldagi chempion hisoblangan O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi musobaqada 4-o‘rinni egalladi va Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kirita olmadi.
Keling, terma jamoamizning muvaffaqiyatsizligiga nimalar sabab bo‘lganini biroz tahlil qilishga harakat qilib ko‘ramiz.
Birinchidan, musobaqaga 2 oy muddat qolganida ketma-ket Dubay shahrida uzoq muddatli o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari tashkil etildi. Qayd etish lozimki, Birlashgan Arab Amirliklari va Tailandning ob-havosi umuman bir-biridan farq qiladi. Tabiiyki, ushbu vaziyatda futbolchilarimiz ikki hil ob-havoda harakat qilishlariga to‘g‘ri keldi.
Ikkinchidan, Superliga o‘yinlari yakunlanishi bilanoq olimpiya terma jamoasi a’zolari hech qanday dam olmasdan yig‘inga jalb etilishdi. O‘quv mashg‘ulotlari esa xorijda o‘tkazildi. Nazarimizda, o‘shanda yigitlarga chempionat nihoyasiga etgach, ma’lum muddat charchoqlarini chiqarishlari uchun imkoniyat berish zarur edi. Butun mavsum davomida jamoasi safida asosiy tarkibda o‘ynagan etakchi futbolchilarimiz uchun bu qo‘shimcha charchoqni keltirib chiqardi. OTJ a’zolari Dubaydagi dastlabki o‘quv-mashg‘ulotlaridan so‘ng qolgan tayyorgarlikni Toshkentda davom ettirib, yangi yilni o‘z oilasi bag‘rida kutib olishi va shundan so‘ng Tailandga to‘g‘ri Toshkentdan yo‘l olishi kerak edi. Chunki tinimsiz mashg‘ulotlar shundoq ham mavsum davomida bor kuchi bilan harakat qilgan futbolchilarimizni yanada toliqtirib, ularni kerak bo‘lsa maydondan bezdirgan bo‘lishi ham mumkin.
Agar o‘rtada ozroq “pauza” qilinib, keyin musobaqaga ketilganida yigitlar maydonni sog‘inib harakat qilishlari mumkin edi. Uzoq muddatli safarlar esa futbolchilarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ham bungacha bir necha bor amalda o‘z isbotini topgan. Ya’ni, ushbu sohada faoliyat ko‘rsatayotgan bir qator mutaxassislar ham terma jamoamizning muvaffaqiyatsiz ishtiroki haqida fikr bildirar ekan, aksariyati terma jamoamizning safarga ancha erta chiqib ketgani va natijada bu hol o‘yinchilarimizga ham turlicha ta’sir ko‘rsatganini bildirishmoqda. Misol uchun futbolimizdagi taniqli shaxslardan biri, “Paxtakor” klubining sport direktori Ja’far Irismetov quyidagicha munosabat bildirdi:
- Terma jamoamiz tarkibida etarlicha rotatsiya qilinmaganligi haqida ko‘pchilik gapiryapti va men ham bu fikrlarga qo‘shilaman. Bir oy oldin futbolchilarni olib ketishdi. Masalan, “Paxtakor” oxirgi o‘yinini 4 dekabrda o‘tkazgan bo‘lsa, 7 dekabrda terma jamoa yig‘inga ketdi. Tabiiyki, u erda “Paxtakor”dan ham futbolchilar bor edi. O‘zimiz ham futbolchi bo‘lganimiz uchun bunday jarayonlar juda og‘ir bo‘lishini ham yaxshi bilamiz. O‘ylashimcha, bu ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. Qo‘shimchasiga yuqorida aytganimdek, tarkibda rotatsiya qilinmadi. Oqibatda musobaqa davomida 11-12 nafar futbolchimizga katta yuk tushgan. E’tibor bersak, yigitlar deyarli 40 kundan ortiq vaqt davomida uylarida bo‘lishmadi. Bunday hol esa ularning ruhiyatiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin. 40 kun davomida futbolchilarni bir joyda ushlash bu noto‘g‘ri, - deya o‘z fikrini bildirdi, Irismetov.
Uchinchidan, musobaqa boshlanishi bilan futbolchilarimizga bag‘ishlab turli roliklar tayyorlandi, ularga katta ishonch bildirilayotgani bot-bot takrorlanaverdi. Bizningcha, bu vaziyatda yigitlarni bunday narsalar bilan fikrini chalg‘itmasdan, ularni erkin qo‘yib berish kerak edi. Natijada futbolchilarimiz o‘ta katta bosim ostida qolishdi. Ular xato qilib qo‘yishdan qo‘rqib o‘ynashdi. Yakunda esa ushbu holat yigitlarimizning o‘z kuchlariga bo‘lgan ishonchlarini yo‘qotishlariga sabab bo‘ldi. Chunki ko‘pchilik terma jamoamizning Olimpiada yo‘llanmasiga ega bo‘lishi borasida bir qadam yoki yarim qadam qoldi, qabilidagi fikrlarni ko‘p aytishdi va bunday munosabatlar albatta jamoa a’zolariga o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmasdi. Buning oqibatida yigitlardagi bosim o‘z-o‘zidan yanada kuchayib ketdi.
Eng yomoni futbolchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun ularning ota-onalari, yaqinlari, Vadim Abramov va Ro‘ziqul Berdiev kabi murabbiylarning Tailandga olib ketilganligi bo‘ldi. Chunki ularni ko‘rgach futbolchilarda bo‘lgan bosim ikki barobarga oshdi. Ota-ona, ustoz oldida xato qilishdan qo‘rqish xissi paydo bo‘ldi. Natijada ayrim futbolchilar o‘zlarini ko‘rsatish uchun jamoaviy o‘yinni unutishdi, murabbiylarning ko‘rsatmasini ham to‘liq bajara olishmadi.
Beshinchidan, futbolchilarimizga hech qanday va’dalar berilmasligi lozim edi. Ular maydonga faqatgina o‘z vatani sha’nini himoya qilish uchun tushishlari kerak edi. Oldindan va’da qilingan qimmatbaho narsalar, pullar futbolchilarning miyasini zaxarladi. Mutaxassislarning fikricha sportchiga oldindan nimanidir va’da qilsangiz, u kechasi bilan shuni o‘ylab chiqadi va ertaga bo‘ladigan muhim bellashuvga ruhan tayyor bo‘la olmaydi.
Umuman olganda, olimpiya terma jamoasi Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga juda munosib edi. Aslida-ku, bunga haqli ham edi. Terma jamoamiz Tailandda jami oltita o‘yin o‘tkazdi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, vakillarimiz birgina Janubiy Koreyadan kuchsizroq ko‘rindi. Boshqa raqiblardan esa aslo kam emasdi. O‘yin tomonlama ham yigitlarimiz ustun jihatlarini ko‘rsata olishdi. Janubiy Koreya esa haqli ravishda Osiyo chempionligini qo‘lga kiritdi. Biz esa uchun chempionlik u qadar ustivor vazifa hisoblanmasa-da, ammo Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritish biz uchun hamma narsadan ustun turgandi. Lekin munosib bo‘la turib, nima uchun oxiriga kelganda qandaydir sabablar tufayli qoqilaveramiz?! Masalan, milliy terma jamoamiz ham jahon chempionati yo‘llanmasi uchun juda yaqin keladi-da, yakunda bir-ikkita gol yoki ochko etmay qolgani ro‘kach qilinadi. Olimpiya terma jamoamizda ham shunga o‘xshash holat kuzatildi. Hamma aytganidek, o‘sha bir qadam qolganda biz yana ortga chekindik. Bu esa chindan ham juda alamli vaziyatdir.
Shuningdek, Olimpiada yo‘llanmasidan quruq qolganimizda bosh murabbiy Lyubinko Drulovich ham tanqid ostiga olinmoqda va bunga tabiiy hol sifatida qarash lozim. Har qanday holatda ham biror jamoa maqsadiga erisha olmasa birinchi navbatda bosh murabbiyga tanqid toshlari otiladi. Axir natija uchun birinchi navbatda bosh murabbiy javobgar ekanligini hamma yaxshi biladi. Drulovichning o‘zi ham oxirgi o‘yindan keyingi matbuot anjumanida tanqidlar bo‘lishi normal holat ekanligiga ishora qilib o‘tgandi. Shu o‘rinda aynan murabbiy masalasida biroz fikr yuritib o‘tsak ham maqsadga muvofiq bo‘lardi. Serbiyalik mutaxassis o‘tgan yilning yanvar oyida olimpiya terma jamoamizga bosh murabbiy etib tayinlangandi. O‘tgan vaqt davomida unga munosib tayyorgarlik ko‘rish uchun chindan ham yaxshi sharoitlar yaratib berildi. Tarkib masalasida ham unda keng tanlovlar bo‘ldi va o‘zi istagan futbolchilarni olib ketdi. Albatta, musobaqa davomida deyarli bir xil tarkibdan foydalangani ham ko‘pchilikka yoqmadi. Agar ishoning, biz Olimpiadaga chiqqanimizda hech kim bularni eslamasdi. Ammo vazifa bajarilmadimi, demak o‘z-o‘zidan tanqid qilingan holda qaerlarda xatolarga yo‘l qo‘ygani muhokama qilinadi. Yuqorida aytganimizdek, biz musobaqada faqat Janubiy Koreyadan kuchsizroq edik xolos. Guruhda qiyinchiliklarga duch kelishimiz o‘zi musobaqa oldidanoq ma’lum edi. Axir Janubiy Koreya, Xitoy va Erondek raqiblar bilan bir guruhda kurashish har qanday jamoaga qo‘shimcha qiyinchiliklar tug‘dirishi shubhasiz. Kutilganidek, guruhda bizga oson bo‘lmadi. Kuchli to‘rtta jamoa bir guruhga tushib qolar ekan, kim ham osonlikcha taslim bo‘lishni istaydi, hech kim! Bunda faqat eng kuchlilar va munosiblargina keyingi bosqichga chiqadi. Natijada Janubiy Koreya bilan O‘zbekiston chorak final yo‘llanmasiga ega bo‘ldi. Aynan bizning guruhda kimdir yakunda chempion bo‘lishi yoki hech bo‘lmasa finalgacha etib borishi oldindan kutilgandi. Yarim final yo‘llanmasini taqdim etuvchi chorak finalda futbolchilarimiz BAAni har tomonlama chiroyli tarzda mag‘lub etdi. Bir-biridan chiroyli gollar, o‘z kuchiga bo‘lgan ishonch va ajoyib o‘yin. Tabiiyki, 5:1 hisobidagi g‘alabadan keyin Olimpiada yo‘llanmasiga bo‘lgan ishonch yanada ortdi. Yarim finalda Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yin bizni kutib turgandi. Bu biz uchun u qadar qo‘rqinchli bo‘lmagan raqib edi. Lekin o‘yindagi bosim baribir yigitlarda sezildi. Shunga qaramay, jamoamiz o‘yin davomida raqibga qaraganda faolroq o‘ynadi. Qator imkoniyatlarga ham ega bo‘ldik. Ammo hujumda o‘ynagan Bobir Abduholiqovdagi imkoniyatlarni bir eslang. Hech bo‘lmaganda u bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol qilganida balki hozir bunday maqolani yozib o‘tirmasdan, Olimpiada shukuhidagi maqolani yozayotgan bo‘larmidik?! Ammo bo‘sh qolgan darvozaga gol ura olmasa, murabbiyda nima ayb? Axir u maydonga tushib Bobirning o‘rniga gol urib bera olmaydi-ku! Ochig‘i, biz mag‘lubiyatga mutlaqo munosib emasdik. Lekin qandaydir rikoshet orqali o‘tkazib yuborilgan gol oxir-oqibat bizni finaldan ham, Olimpiadadan ham mahrum qildi. O‘sha uchinchi o‘rin uchun Avstraliyaga qarshi uchrashuvda yigitlarimizdagi bosim nihoyatda kuchli edi. Yakunda esa biz yarim final ishtirokchilari orasida juda alamli tarzda to‘rtinchi bo‘ldik.
Madomiki, biz katta-katta musobaqalarda chetda qolayotgan ekanmiz, bunga murabbiy yoki kimnidir asosiy aybdor qilib ko‘rsatishdan avval vaziyatga chuqurroq kirib borish darkor. Eng avvalo biz ichki chempionatimiz saviyasi, futbolimizdagi tizim kabi muhim masalalar haqida jiddiy bosh qotirishimizga to‘g‘ri keladi. Bu borada gapiradigan bo‘lsak gap ko‘p, albatta. Futbolimizda qanaqa muammolar borligini esa hammamiz yaxshi bilamiz. Nega bizdan iqtidorli yoshlar Evropa klublarida o‘ynashmayaptimi? Nima uchun ular faqat Osiyo klublari bilangina cheklanib qolishyapti? Yaponiya, Janubiy Koreya va yana boshqa mamlakatlardan etishib chiqayotgan yoshlarni qarang, ular Evropaning etakchi chempionatlarida to‘p surishyapti. Chunki ularda futbol tizimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan. Shuning uchun doimiy ravishda o‘sha mamlakatning yosh o‘yinchilariga Evropada talab xaridorgir. Lekin o‘zbekistonlik yoshlarga-chi? Afsuski, bizning futbolimiz va chempionatimizdagi o‘yinchilarimiz hozircha evropaliklarni o‘ziga jalb eta oladigan darajada emas. Buning uchun futbolimizdagi mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etmas ekanmiz, bundan keyin ham jahon chempionati yoki Olimpiada yo‘llanmalaridan alamli tarzda chetda qolib ketaveramiz...
Shuhratbek Jo‘raev,
Baxtiyorjon Toshtemirov.
Fikrlar
Vodiylik muxlislarga xurmat saqlagan xolda shuni aytish kerakki bunaqa qilib chirangan bilan baribir bizni futbolda 1.2.3 urinlarni kim olishi boshidan ma`lum buladi.
Shunchun bor etiborni yoshlarga qaratish lozim deb uylayman.
Agarda Odil junioor uz mevasini bera boshlasa
Nasaf ,bunyodkor,Mashal akademiyalari shu yusinda ishlashsa biz oxirgi 4-5 yilda yaxshi rivojlanishga erishishimiz mumkin.
Shunchun qayoqdagi legionerlarga sarf xarajat qilgandan kura Nasaf klubiga uxshab yul tutish kerak menimcha