
"Neftchi" futbolchisi: "Baribir derbida zo‘r o‘yin bo‘lishi aniq edi"
13-turda bo‘lib o‘tgan vodiy derbisi nomi ostidagi “Neftchi” – “Navbahor” bellashuvini ko‘rgan muxlis yoki mutaxassis borki, o‘yindan qoniqishganini ta’kidlashyapti. Faqat bunday “olovli” o‘yinga gol etishmadi, xolos.
Uchrashuvni faol o‘tkazgan “Neftchi” futbolchilaridan biri Nurillo To‘xtasinov derbiga oid savollarga javob berdi.
- Futbolchi sifatida vodiy derbisidan qanchalik rohatlandingiz?
- Vodiy jamoalari uchrashishganida jiddiy o‘yin kechadi. Farg‘onadagi bellashuvda stadionga 20 mingga yaqin muxlis keldi. Buncha ishqiboz to‘planmaganiga ancha bo‘lgandi. Ishqibozlar bizni ancha qo‘llab-quvvatlashdi, maza qildik. Omad etishmadi xolos. Ikkala jamoa ham yaxshi o‘ynadi.
- “Neftchi” shunday o‘yinini barqaror ravishda namoyish etganida hozir qaysi o‘rinda bo‘lardi, deb o‘ylaysiz?
- Shu o‘yinimizni ko‘rsatganimizda balki yanada yuqoriroqda bo‘larmidik, deb o‘ylayman. Orada duranglar ko‘payib ketdi. Xudo xohlasa, hammasi oldinda. Hali ikkinchi davra turibdi. Biz u erda bundan-da, yaxshi natijalar qayd etamiz.
- “Navbahor” safida kimdan ko‘proq xafsiragandingiz?
- “Navbahor” futbolchilarini hech kimidan xafsiramagandik. Lekin ularni o‘rganib chiqqanimizda ko‘proq, baribir Oston O‘runovga e’tibor qaratgandik. Hamma o‘yinchilariga nisbatan yaxshi tayyorlangandik.
- “Neftchi” Superligada hali mag‘lubiyatga uchragani yo‘q. Ammo duranglari ko‘payib ketdi. Lekin hali yutqazmayotgani sizlarga biroz yupanch bag‘ishlayaptimi yoki...
- Balki bo‘lishi mumkin. Yutqazmayotganimiz bizga biroz yupanch bag‘ishlayapti, deb o‘ylayman. “Nasaf” bilan uchrashuvda ham yutishga harakat qilamiz. Buning uchun yaxshilab tayyorlanamiz.
- Oxirgi marta qachon bunday yuqori muhitda, muxlislar bilan to‘lgan stadionda o‘ynagandingiz?
- Oxirgi marta?! O‘tgan yili birinchi turda Namanganda “Nasaf” bilan o‘yin bo‘lgan. O‘shanda stadion muxlislar bilan to‘lgandi. Bu safar Farg‘onadagi uchrashuvda stadon ishqibozlar bilan to‘ldi.
- Bu o‘yinda siz uchun eng alamli vaziyat qaysi bo‘ldi?
- Alamli vaziyat? Bunday yaqqol holat bo‘lmadi. Bir-ikkita vaziyat bo‘ldi, foydalana olmadim.
- “Navbahor” sizni sobiq klubingiz. Maydonda ancha faol ko‘rindingiz. Ya’ni, sobiq jamoangizga qarshi sizda ishtiyoq va shijoat ikki barobar kuchlimidi?
- Ha, biz “Navbahor”ga qarshi yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. Boya aytganimdek, raqibni o‘rganib chiqqandik. Baribir derbida zo‘r o‘yin bo‘lishi aniq edi. Bizga ham, “Navbahor”ga ham ochko kerak edi. Yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. Yutmasak ham durang o‘ynadik. Kuchli jamoadan bir ochko oldik.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar