"Navruz Cup-2022". "O‘zbekiston terma jamoasiga kelganida bosim ostida o‘ynaydi, chunki..." - mutaxassis futbolchilarimizni Qirg‘izistonga qarshi o‘yiniga baho berdi
Namangandagi “Navruz Cup-2022” xalqaro turnirida O‘zbekiston terma jamoasi Qirg‘izistonga qarshi uchrashuvda 3:1 hisobida g‘alaba qozongan holda finalga chiqqanini yaxshi bilasiz. Endi vakillarimiz 29 mart kuni Ugandaga qarshi maydonga tushishadi. Terma jamoamizning o‘yini borasida mutaxassislarimizdan biri Rashid G‘ofurov o‘z fikrlarini bildirdi.
- Aslida o‘yin yomon bo‘lgani yo‘q, faqat boshlanishini hisobga olmaganda, to‘liq ustunlik bizda bo‘ldi. Uchrashuvdan avval futbolchilarimiz g‘alabaga xaddan ortiq ishonib yuborishgani uchun boshida jazonalishdi. Birinchi bo‘limda o‘z o‘yinini ko‘rsata olmadi. Ikkinchi bo‘limda O‘zbekiston kuchini namoyish qilgan holda kerakli o‘yinni ko‘rsata boshladi. Umuman olganda, o‘yin borasida biznikilar raqibdan har tomonlama ustun bo‘ldi. Lekin ba’zida shunday ham bo‘ladiki, raqibning nomiga va o‘yiniga qarab baho beriladi hamda bu holat bellashuv oldidan ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Agar raqib Yaponiya va Koreya bo‘lganida yigitlar yanada boshqacha tarzdagi tayyorgarlik bilan maydonga chiqishardi. Lekin raqib Qirg‘iziston bo‘lgani uchun futbolchilarimizning xayolida osonlik bilan yutamiz deb o‘ylashdi, chog‘i. Lekin hamma joyda futbol rivojlanyapti, Qirg‘izistonda ham. Bu jamoa yomon taassurot qoldirgani yo‘q. To‘pni nazorat qilishi, o‘yinchilarining individual sifatlarini hisobga olganda, ularning o‘yinida pala-partishlik yo‘q. Aytmoqchimanki, jamoaning kiyimi yoki boshqa jihatiga qarab baho berilmaydi. Ammo futbolchilarimiz ikkinchi bo‘limda vaziyatni o‘nglashdi. Imkoniyatlarni hammasidan bo‘lmasa ham uchtasidan foydalanishdi. Eldor Shomurodovning goli dalda berib, shundan keyin jamoa yanada ochilib ketdi. Agar ikkinchi bo‘limdagi “nastroy” o‘yin boshidan bo‘lganida uchtadan ko‘proq gol urishimiz mumkin edi. Futbolni aldab bo‘lmaydi, raqibni mensimasa albatta jazolanadi. Ko‘rinib turibdiki, Qirg‘iziston ham, Tojikiston ham yaxshi rivojlanyapti. Lekin biz ulardan ustunligimizni qog‘ozda emas, amalda ham isbotlashimiz kerak. Finalda Ugandaga qaraganda Tojikiston yoki Qirg‘iziston bilan o‘ynashimizni istagandim. Baribir Qirg‘iziston ham yomon taassurot qoldirmadi. Bu oldingi Qirg‘iziston emas. Murabbiyi boshqa, o‘yini o‘zgargan. Hozir oson yutqazadigan jamoaning o‘zi qolmagan. Ammo bizda individual jihatdan yuqori darajadagi futbolchilarning borligi uchun ham yutdik. Ayniqsa, Jaloliddin Masharipovning maydonda qilgan ishlarini aytishim mumkin. Har doim uni o‘rnak qilib ko‘rsataman. Maydonda haqiqiy etakchi. O‘z pozitsiyasida nima qilish kerak bo‘lsa, hammasini bajaradi. Futbolchi sifatida menga juda yoqadi. Agar Doston Hamdamov ham qanotda xuddi Masharipovdek o‘ynaganida bormi, hammasi boshqacha bo‘lardi.

Shomurodov “Roma”ga qaraganda O‘zbekiston terma jamoasiga kelsa bosim ostida o‘ynaydi. Chunki “Roma”da etakchi hisoblanmaydi. O‘zbekistonga kelganida ikki barobar ko‘proq bosimni his qiladi. Negaki, u bu erda etakchi va jamoa sardori. Muxlislar ham, mutaxassislar ham Eldordan ko‘p narsani kutishadi. Buni o‘zi ham sezadi. Ammo Shomurodovni hisobiga boshqalar natija ko‘rsatyapti. Ya’ni, Eldorni ikki himoyachi qo‘riqlayapti, bundan boshqa futbolchilar foydalanib xavfli vaziyatlar yaratishyapti. Biroq Shomurodovda o‘yin amaliyoti kamligi maydonda bilinib qolyapti. Igor Sergeevda o‘yin amaliyoti bor. Agar Eldor barqaror o‘ynab turganida Qirg‘izistonga qarshi o‘yinda hatto bir o‘zi hal qilib qo‘yishi ham mumkin edi.

Katanets haqida bir nima deyishim qiyin. Kuni kecha birinchi o‘yinini ko‘rdim va bugun mashg‘ulotini kuzatdim. Birdaniga xulosa chiqarishim oson emas. Ishonch bildirilsa, har qanday murabbiyga ham vaqt kerak. Baribir Evropada ishlagan, nimanidir biladi va shunga intilishga harakat qilyapti. Ammo qanaqa uslubda o‘ynayotganini bitta o‘yindan tushunib olish qiyin. Finalda Ugandaga qarshi uchrashuvda ham g‘alaba kutyapmiz. Yarim finaldagi kabi o‘yinga biroz bo‘shashib tushishmaydi deb o‘ylayman. Bizni o‘yinchilarimiz kuchli “nastroy” bilan tushishsa, nafaqat Uganda, balki boshqa jiddiy raqiblarni ham yutishga qodir. Ruhiy tayyorgarlikka ko‘p narsa bog‘liq. Zaxiramizda etakchilarni o‘rnini bosa oladiganlari ham bor. Qirg‘izistonga qarshi uchrashuvning ikkinchi bo‘limidagi o‘yinni ko‘rsatsa, Ugandani hem bemalol yutsa bo‘ladi, - dedi G‘ofurov.



Fikrlar