
"Navbahor"ning omadsiz seriyasi tugaydimi?
Bugun Superliganing 3-tur bahslari start oladi. Markaziy uchrashuvga "Paxtakor" stadioni mezbonlik qiladi. Maydon egalari Toshkent vaqti bilan 19:30da Namanganning "Navbahor" klubini qabul qilishadi.
Samvel Babayan shogirdlari bugun nafaqat g‘alaba uchun, jamoaning "sherlar"ga qarshi noxush an’anasiga chek qo‘yish uchun ham harakat qilishadi. Yaqin o‘tmishga nazar solsak, "Paxtakor"ni O‘zbekiston chempionati doirasida engish namanganlik futbolchilar uchun imkonsiz vazifaga aylanib qoldi.
Bunday voqea oxirgi bor 2018 yilning yozida sodir bo‘lgan. Bahraynlik Navaf Shukrulla boshqargan o‘yinda Igor Golban tomonidan kiritilgan yagona to‘p Ilhom Mo‘minjonov shogirdlari g‘alabani tantana qilishi uchun etarli bo‘lgan edi.
Superliga, 19-tur. 28.07.2018
"Navbahor" 1:0 "Paxtakor" ("Markaziy" o‘yingoh, 21450 muxlis)
Gol: Igor Golban (52)
"Navbahor": Dilshod Hamroev, Davron Hoshimov, Igor Golban, Darko Stanoevich, Jahongir Mehmonov, Mirzohid G‘ofurov, A’zam Aliev, Oston O‘runov, Sherzod Karimov (Ilhom Boydadaev), Aziz Turg‘unboev (Ayubxon No‘monov), Darko Nikach (Ro‘zimboy Ahmedov).
Zaxira: Akbar To‘raev, Tomislav Payovich, Dilshod Jabborov, Ravshan Do‘smatov, Sardor Sulaymonov, Azamat Allaniyozov. Bosh murabbiy: I. Mo‘minjonov.
"Paxtakor": Eldor Suyunov, Akmal Shorahmedov, Marko Simich, Sherzod A’zamov, Farrux Sayfiev, Dilshod Rahmatullaev (Jamshid Iskanderov), Azimjon Ahmedov, Tiago Bezerra, Jaloliddin Masharipov, Dragan Cheran (Bahrom Abdurahimov), Isma Gonsalvesh (Igor Sergeev).
Zaxira: Aleksandr Lobanov, Egor Krimets, Kamoliddin Tojiev, Hojiakbar Alijonov, Jahongir Ahmadov, Vladimir Kozak. Bosh murabbiy: Shota Arveladze.
Shundan keyin bu jamoalar Superliga doirasida 11 marta to‘qnash kelishdi. Ulardan 4tasida "sherlar" g‘alaba qilgan bo‘lsa, 7 o‘yinda kuchlar teng keldi.
"Lochinlar"ning "Paxtakor" maydonidagi g‘alabasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, yanada uzoqroqqa — naq 28 yil ortga qaytishimiz kerak. Namangan klubining O‘zbekiston chempionatlari doirasida Toshkentda qo‘lga kiritgan yagona g‘alabasi 1995 yilgi mavsumning 2-davrasiga to‘g‘ri keladi. O‘shanda "Navbahor" Oleg Shatskix va Zafar Musaboevning gollari zafar quchgan. Mezbonlarning yagona goli esa Abduqahhor Ma’rifalievning nomiga yozilgan.
So‘zimiz oxirida uchrashuvlarning umumiy tarixiga qaramaymiz. Ertaga mazkur jamoalar Superliga doirasida 65-marta to‘qnash kelishadi. Oldingi 64 o‘yinning 39tasi "Paxtakor", 13tasi "Navbahor" foydasiga hal bo‘lgan.
Faxriddin Ro‘ziev
Muallifning boshqa materiallari: FR: Afg‘onistonni yutsak, mundialga chiqolmasdik...
Fikrlar