
"Navbahor"ning finaldagi alamli mag‘lubiyati "Dinamo"ga qo‘l keladimi yoki...
Bugun Samarqandda Superliganing 14-turidan qoldirilgan “Dinamo” – “Navbahor” uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Ayni damda FIFA kunlari munosabati bilan barcha joylarda milliy birinchiliklar to‘xtatilgan bir paytda ikki klub O‘zPFLning roziligi bilan o‘zaro kelishib, o‘yin sanasini aynan bugunga belgilaganlar. Chempionatsiz o‘tayotgan kunlarimizda tabiiyki, barchaning e’tibori Samarqanddagi bellashuvga qaratilishi bejiz emas.
Bilasiz, “Navbahor” 5 oktyabr kuni O‘zbekiston Kubogi finalidagi dramada juda alamli tarzda mag‘lubiyatga uchrab o‘z orzusini qo‘ldan chiqarib yubordi. Holbuki, namanganliklar chempionatdan ham ko‘ra Kubokni qo‘lga kiritishga butun e’tiborini qaratgandi. Lekin yakunda Kubokdan ham quruq qoldi. Bu esa klub va Namangan futboli uchun juda katta zarba edi. Sergey Lushchan jamoasi endi noiloj Superligadagi qolgan o‘yinlarga e’tibor qaratadi. Lekin sovrinli o‘rinlar uchun kurashdagi imkoniyatlarini jamoaning o‘zi pasaytirib yuborgan. Endi namanganliklar Samarqanddagi uchrashuvga qanday ishtiyoq bilan etib kelishdi, degan savol qiziqtirmoqda. Lushchan jamoasini finaldagi mag‘lubiyatdan so‘ng qanday ruhlantirganini bugun “Dinamo”ga qarshi o‘yinda ko‘rib olamiz. Lekin, baribir bunday mag‘lubiyat xohlaymizmi-yo‘qmi, “Navbahor”ga o‘z ta’sirini ko‘rsatishi turgan gap yoki bu aksinchasiga xizmat qilishi ham mumkinmi? Buni bugunni o‘yinda ko‘ramiz.
“Dinamo”da shijoat ham, ishtiyoq ham ancha yuqori. Qolaversa, Vadim Abramov jamoasi “Navbahor” bilan teng – 26 ochko jamg‘arib musobaqa jadvalida yonma-yon borishyapti. Yutgan jamoa uch ochkoga o‘zib ketadi va 5-o‘rindagi “Neftchi”ga tenglashib oladi. Hujumkorlikni yoqtiradigan “Dinamo” o‘z maydonida muxlislari ko‘z o‘ngida ustunlikka ega bo‘lishi kutilmoqda. “Navbahor”ni esa bu bahsda finaldagi mag‘lubiyatdan alamzada bo‘lgan ishqibozlari Samarqandga kelib qo‘llaydilarmi yoki yo‘qmi, mavhum. Darvoqe, Lushchan bu uchrashuvda Jamshid Iskanderov, Farruh Sayfiev va Odil Hamrobekovning xizmatidan foydalana olmaydi. Chunki ular milliy terma jamoa ixtiyoridalar.
Mazkur klublar shu kungacha Superliga (oliy liga) bahslarida 51 marta o‘zaro ro‘baro‘ kelishgan. Ushbu o‘yinlarda namanganliklar 29, “ko‘hna shaharliklar” esa 13 marta zafar quchishgan bo‘lsa, 9 ta uchrashuvda durang qayd etilgan. To‘plar nisbati – 91-44, “Navbahor” foydasiga.
O‘zaro o‘yinlarda “lochinlar” 96, “arslonlar” esa 48 ochkoni qo‘lga kiritishgan.
Ushbu jamoalar o‘rtasidagi o‘yinlarda eng yirik hisob 1996 va 1997 yillari Namanganda qayd etilgan. O‘sha mavsumlarda “Navbahor” “Dinamo” ustidan tegishlicha 6:0 hamda 7:1 hisoblarida zafar quchgan.
E’tiborlisi, samarqandliklar shu paytgacha namanganliklarni yirik hisobda mag‘lubiyatga uchrata olishmagan.
Shu kungacha Samarqandda bo‘lib o‘tgan 25 ta bellashuvdan 13 tasida “Dinamo” g‘alaba qozongan bo‘lsa, 9 ta bahsda “Navbahor” zafar quchgan, 3 ta o‘yinda esa durang qayd etilgan. To‘plar nisbati – 33-30, samarqandliklar foydasiga.
Eslatib o‘tamiz, “Dinamo” – “Navbahor” bahsi 12 oktyabr kuni Samarqand shahridagi “Dinamo” stadionida soat 19:00 da start oladi.
Fikrlar