
"Navbahor" xalqaro o‘rtoqlik o‘yinida g‘alabaga erishdi
Namangandagi “Markaziy” stadionda Namanganning “Navbahor” va Oshning “Alay” klubi o‘rtasida o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazildi. Xalqlar o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlash, qolaversa, yozgi tanaffus payti ko‘rikda bo‘lib turgan futbolchilar imkoniyatlarini yana bir bor sinovdan o‘tkazish maqsadida tashkil etilgan mazkur bahsda “lochinlar” 2:0 hisobida g‘alaba qozonishdi.
Uchrashuvning dastlabki qismidayoq ustunlikni o‘z qo‘liga olgan “Navbahor” futbolchilari ketma-ket hujumlar uyushtirishdi. Dastlabki urinishda Sardor Telyakov darvoza tomon noaniq zarba yo‘llagan bo‘lsa, keyingi vaziyatda futbolchilarimiz standart vaziyatdan unumli foydalana bilishmadi. 14-daqiqada “lochinlar” burchakdan to‘pni o‘yinga kiritishdi, sherigidan to‘pni qabul qilgan braziliyalik Kosta Gutiner uni jarima maydonchasi ichiga oshirdi va ushbu vaziyatda “Navbahor”da ko‘rikdan o‘tayotgan boshqa bir legioner – Boyan Tsiger boshi bilan darvozani ishg‘ol qildi – 1:0.
Bo‘lim oxirlarida Ibrohim G‘anixonov ikkita qulay imkoniyatga ega bo‘lgandi, ammo uning zarbasi yo‘liga “Alay” posboni to‘sqinlik qildi.
Ikkinchi bo‘limda zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Zabihillo O‘rinboev hamda Abbosjon G‘ulomovlarda ham gol urish uchun fursat tug‘ildi, lekin so‘nggi pallada ularning urinishlari besamar yakunlandi. Shuningdek, Telyakov yana bir bor kuchli zarba bilan oshliklar darvozabonining hushyorligini sinovdan o‘tkazdi: “Alay” posboni yana ishonchli harakat qildi.
88-daqiqada Kosta Gutiner yana faollik ko‘rsatib, bu safar chap qanotdan to‘pni sheriklariga havolatib uzatdi. Mazkur holatda raqib jamoa himoyachilaridan faolroq harakat qilgan Igor Golban uchrashuvdagi ikkinchi golni urib, shu tariqa yakuniy hisobni ham o‘rnatdi – 2:0. Natijada, ikki markaziy himoyachimiz tomonidan urilgan gollar “Navbahor”ning ustunligini ta’minladi.
Albatta, bu kabi xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlari barcha jamoalar uchun foydadan holi bo‘lmaydi. Fursatdan foydalanib, “Navbahor” PFK taklifiga rozilik bildirib, o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazish uchun Namanganga tashrif buyurgan “Alay” FK, jumladan, klub rahbariyatiga minnatdorlik bildiramiz va Osh jamoasiga kelgusi faoliyatida omadlar yor bo‘lishini tilab qolamiz.
Xalqaro o‘rtoqlik o‘yini
19 iyul (dushanba)
“Navbahor” (Namangan) – “Alay” (Osh) – 2:0 (0:0)
“Navbahor”: O‘tkir Yusupov, Igor Golban, Boyan Tsiger, Davronbek Hoshimov (Xushnudbek Avilov, 90), Mirzohid G‘ofurov (Ilhom Alijonov, 46), Azimjon Ahmedov, Sardor Telyakov (Muzaffar Mo‘minov, 75), Quvondiq Ro‘ziev, Ibrohim G‘anixonov (Zabihillo O‘rinboev, 46), Kosta Gutiner, Islombek Isoqjonov (Abbosjon G‘ulomov, 44).
“Alay”: Azamat Jomartov, Jamshid Qobulov, Sanjar To‘raqulov, Marat Adjiniyazov, Almaz Malikov, Alisher Mirzoev, Nurlan Sarikbaev, Temur Tolipov, Idris Bikmaykin, Manas Karipov, Eldar Moldojunusov.
Zaxira: Temirlan Apaz uulu, Dastan Alibekov, Erlan Mashirapov, Asadbek Alimov, Islom Shamshiev, Jahongir Mahmudov, Sirgabolot Orozbek uulu, Nurdoolot Stalbekov, Ahlidin Israilov.
Gollar: Boyan Tsiger (14), Igor Golban (88).
"Navbahor" matbuot xizmati.
Fikrlar