
“Navbahor” o‘tgan yilgi xatodan to‘g‘ri xulosa chiqargan. “Lochinlar” o‘tgan mavsumdagidan kuchliroq bo‘lib qaytmoqda!
Bugun “Navbahor” o‘zining ikkinchi nazorat o‘yinini o‘tkazdi. To‘g‘ri, hozir xulosa chiqarishga juda erta, ammo Samvel Babayan o‘ylab qo‘ygan rejalar biroz ko‘zga tashlanmoqda. Bugun, yangi g‘oyalarga asoslangan futbol qurish arafasidagi “lochinlar”ning taktik va strategik qarashlari ask etgan tahliliy maqolani e’tiboringizga havola etamiz. Har doimgidek, katta mavzuni kichik matnga sig‘dirishga harakat qildik. Albatta o‘qib chiqing!
Endi “lochinlar”ni “tutish” qiyin bo‘ladi. Nega deysizmi? “Navbahor”ning “Nijniy”ga qarshi bellashuvini to‘liq ko‘rdim. Menda jamoa iliq taassurot qoldirdi. Ayniqsa, vaqti-vaqti bilan o‘yin sxemasini o‘zgartirib turgani tahsinga sazovor. Masalan, jamoa bahs avvalida o‘zining klassik 4-5-1ida to‘p surgan bo‘lsa, Jamshid Iskaderovsiz umuman boshqa sxemada o‘ynashga urinib ko‘rdi. 4-3-3 va 4-4-2 ham sinovdan o‘tkazildi. Ko‘rinib turubdi-ki, bu mavsum “lochinlar”ning o‘yin strategiyasi o‘tgan yilgisiga nisbatan anchagina rang-barang bo‘ladi. O‘tgan mavsumda “B” rejaning yo‘qligi ularga ko‘plab o‘yinlarda pand berib qo‘ygan edi.
"Navbahor"ning o‘tgan yilgi taktik sxemasi
Birgina Jamshid Iskanderov orqali hujum tashkil etish g‘oyasiga tayangani uchun ham chuqur himoyalangan jamoalarga qarshi qiyinchilikka uchragan edi. Abror Ismoilovning tarkibga qo‘shilishi endi “Navbahor”ni sof pleymeyker bilan emas, hujumkor, ammo pressingda faol ishlaydigan markaziy yarim himoyachi bilan ham raqibni qarshi hujumda jazolash imkonini yaratadi. Masalan: Ikromov / Yaxshiboev, Sobirjonov / Abdumannopov bemalol vinger sifatida oldinroqda to‘p surishiga guvoh bo‘lishimiz mumkin.
Temurxo‘ja Abduxoliqov maydonda ancha orqaroqqa qaytib o‘ynagani bunga imkon yaratadi.
Agar Norxonov markaziy hujumda bo‘lsa, qanot himoyachilari kenroq joylashgan holda, to‘p nazoratini “Navbahor” o‘z tomoniga og‘dirishi mumkin.
Bunda, yuqorida nomi zikr qilingan qanot yarim himoyachilari biroz ortga qaytib, markazdan pozitsion hujum tashkil etishda ishtirok etadi. Umuman olganda, bu yilgi “Navbahor” o‘tgan yilgi versiyasidan taktik tomondan ancha kuchliroq bo‘lib shakllanmoqda. Yaxshi saviyadagi ijrochilar va o‘yinni o‘ziga olishga qodir etakchilar Samvel Babayan uchun ko‘plab yurishlarni amalga oshirish imkonini taqdim etadi.
Hatto, endi Jamshid Iskanderov ham “almashtirib bo‘lmas” maqomini yo‘qotishi mumkin. Masalan, Babayanning 4-4-2 agressiv pressingida Abror Ismoilov birinchi planga chiqa oladi. Ortdagi Jokich va Boltaboev kuchli tayanch zonasini hosil qilishi mumkin.
Iskaderov o‘rnini Ismoilov egallagach, markazdagi pressing yanada kuchayib ketishi mumkin
Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan mavsumda aynan mana shu omil sababli “lochinlar” so‘nggi turlarda muhim ochkolardan ayrildi. Ya’ni, juda sodda o‘yin strategiyasi va Iskanderovga to‘liq “qaram” bo‘lib qolish nazarda tutilmoqda. Nisabatan kuchsizroq jamoalar ochko olish maqsadida ikki blokdan iborat himoya hosil qilgancha, juda zich joylashib olishni yaxshi uddalaydi.
Natijada, Jamshid Iskanderovning keskin uzatmalarisiz “lochinlar” bemasar to‘p nazorati va ikkinchi qavatdan uzatmalardan boshqa hujumni yakunlaydigan variant topa olmadi. Qo‘shimchasiga, tor zaxira o‘rindig‘i sababli “Navbahor” mavsumning so‘nggi o‘yinlarda o‘zining asosiy fikshasi – yuqori pressingni qo‘llay olmadi. Jismoniy holat buni ko‘tarolmay qoldi. Aynan mana shu kamchilik ustida jamoa ishlayotgani “Nijniy” bilan o‘yinda ko‘rindi. Demak, bu “Navbahor” o‘tgan yilgi versiyasidan ko‘ra raqiblariga ko‘proq bosh og‘riq bo‘lishi ehtimoli yuqori. Yangi futbolchilarning bunda roli qanday?
Menimcha, bu transferlarning barchasi yuqorida zikr qilingan strategik o‘ylanmalarni "realizatsiya" qilish uchun amalga oshirilgan. Masalan, Temurxo‘ja Abduxoliqov va Shohruz Norxonovning pozitsiyasi bir bo‘lishiga qaramay, ular o‘yinda ikki xil funktsiyani bajarishi mumkin. Norxonov pozitsion hujumlarda faol bo‘lsa, Abduxoliqov oldinda bir o‘zi bosim o‘tkazishda benazir. Ya’ni, ulardan biri asosiy tarkibda tushsa, ikkinchisi tablodagi holatdan kelib chiqib, natijaga ta’sir ko‘rsatish imkoniyatini zaxirada o‘tirib ham taqdim etadi. “So‘g‘diyona”dan kelgan yigitlarda moslashuv masalasida muammo bo‘lmasa kerak. Himoyaviy futbolda toblangan Luka va Shahboz o‘zini suvdagi baliqdek his etmoqda. Umuman olganda, barchasi reja asosida, biroq sifatli markaziy himoyachining yo‘qligi baribir sezilyapti. Birgina Golbanga tayanib OChL, Superliga va kubokda muvaffaqiyatli ishtirok etishning imkoni yo‘q.
Kamida ikkita kuchli so‘nggi himoyachi jamoaga suv va havodek zarur. U legioner bo‘ladimi, mahalliy futbolchi bo‘ladimi, farqi yo‘q. Asosiysi, birinchi pasga ega bo‘lishi. Hozirgi “Navbahor”ning himoya chizig‘idan boshqa zonalarida kuchli raqobat shakllanib bormoqda. Bu voqealar fonida ikkita himoyachining transferi, tarkibni (O‘zbek futboli miqiyosida) ideal ko‘rinishga olib keladi.
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev maqolasi
Fikrlar