
"Navbahor" muxlislari Superligada tengsiz bo‘ldi (statistika bilan tanishing)
Ma’lumki, “Navbahor” "Superliga – 2023"da bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Maydondagi futbolchilarga muxlislarning ruhan qo‘llab-quvvatlashlari hamda dalda berishlari ham ruhiy quvvat beradi va hujumkorlikni oshirish, g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqni oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
“Navbahor” 1991 yili sobiq ittifoq birinchi ligasida o‘ynaganida muxlislar tashrifi bo‘yicha Moskvaning “Spartak” jamoasidan keyin 2-o‘rinni egallaganligi ham bunga misol bo‘la oladi.
Namanganlik ishqibozlarning dovrug‘i Osiyo hamda MDH mamlakatlariga taralgan. Shu bois bo‘lsa kerak, boshqa klublar rahbarlari, murabbiylari va futbolchilari “Navbahor”ga havas bilan qarashadi.
Xo‘sh, o‘z muxlislari bilan dovrug‘ taratgan “lochinlar”ning joriy mavsumdagi bahslariga qancha tomoshabin tashrif buyurdi?
“Navbahor”ning yakunlangan mavsumdagi o‘yinlarini jami 248 754 nafar muxlis bevosita stadionlarda tomosha qildi hamda bu borada “lochinlar” barcha Superliga jamoalarini ortda qoldirdi. “Navbahor”ning o‘z maydonidagi 13 ta uchrashuviga jami 164090 nafar, safardagi 13 ta o‘yiniga esa jami 84664 nafar tomoshabin tashrif buyurdi. Bu statistika klub matbuot xizmati tomonidan taqdim etildi.
Bitta o‘yinda eng ko‘p muxlis to‘plash bo‘yicha rekord ham jamoaga tegishli. Superliganing 25-turidan o‘rin olgan, joriy yilning 10 avgust kuni Namangandagi “Markaziy” stadionida bo‘lib o‘tgan “Navbahor” – “Paxtakor” (1:2) uchrashuviga 25260 nafar muxlis tashrif buyurdi.
Fikrlar