"Navbahor" Kanchelskis nega ishdan olingani bo‘yicha rasmiy bayonot berdi

  • 1 noyabr, 2020, 19:36
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Bundan biroz avvalroq, "Navbahor" klubi rossiyalik mutaxassis Andrey Kanchelskisni rasman o‘z lavozimidan iste’foga chiqarilganini ma’lum qildi. Shundan so‘ng, klub rasmiy saytiga Kanchelskis nega ishdan olingani bo‘yicha bayonot joylashtirildi.

Tecno

"So‘nggi ikki hafta davomida Namanganning “Navbahor” klubi atrofida turli munozaralar va bahslar  yuzaga kelmoqda. Ulardan asosiysi esa, jamoaning rossiyalik sobiq bosh murabbiyi Andrey Antanasovich Kanchelskis atrofidagi bahslardir. Bu haqda Rossiya hamda yurtimiz ommaviy axborot vositalari (OAV)da turli maqolalar chop etildi. 

Jumladan, Rossiyaning “Sport 24” saytiga intervyu bergan Andrey Kanchelskis “Navbahor”dan iste’foga chiqishi sababini klub tomonidan maoshlarning o‘z vaqtida to‘lanmaganligi, klub rahbariyati bilan munosabatlarida muammolar yuzaga kelganligi hamda Namangan viloyat hokimining almashganligi bilan izohlagan.

“Navbahor” PFK esa, Andrey Kanchelskisning iste’foga chiqarilishi sabablarini quyidagilar bilan izohlaydi: jamoaning natijalari salbiy tus olganligi  (ya’ni, “Navbahor”ning uning murabbiyligida so‘nggi 9 ta o‘yinda g‘alaba qozona olmaganligi), klub rahbariyati, hamkasblari va muxlislar orasida o‘zining yaxshi mutaxassis ekanligini isbotlab bera olmaganligi, klub rahbariyati tomonidan bildirilgan ogohlantirishlarga e’tiborsizlik qilganligi, ayrim holatlarda spirtli ichimliklar iste’mol qilganligi hamda ushbu xatti-harakatlari bilan o‘z obro‘siga putur etkazganligi.

Vaholanki, jamoa bosh murabbiyi klubning yuzi hisoblanadi.

“Navbahor” esa nafaqat O‘zbekiston, balki sobiq ittifoq va Osiyodagi obro‘li, shuningdek,  Superliga (oliy liga)mizning muntazam ishtirokchisi bo‘lgan 2 jamoadan biri (“Paxtakor” bilan birgalikda) sanaladi.

Andrey Kanchelskisning oylik maoshlarni o‘z vaqtida berilmaganligi borasidagi fikriga to‘xtaladigan bo‘lsak, klub rahbariyati tomonidan rossiyalik murabbiyga maoshlari berilganida u atayin, provokatsiya uyushtirish maqsadida maoshni olishdan bosh tortgan. Buning sababi esa, endi oydinlashmoqda. U bu ishni amalga oshirish bilan “Navbahor” PFKdan ko‘proq kompensatsiya puli undirishni rejalashtirgan.     

Shuningdek, Coca Cola Superligasining 10-13-turlari markazlashgan holda, Toshkentda o‘tkazilganida, u spirtli ichimliklar iste’mol qilgan holda, 3-4 kunlab xonasidan chiqmagan. Jamoa mashg‘ulotlarini esa yordamchi murabbiylar o‘tkazgan.

Shuningdek, Coca Cola Superliga 18-turidan o‘rin olgan, 1 oktyabr kuni Buxoroda o‘tkazilgan “Buxoro” – “Navbahor” (0:0) uchrashuvidan so‘ng, klub rahbariyati tomonidan jamoaning qoniqarsiz natijalarini tahlil qilish maqsadida jamoa murabbiylar shtabiga yig‘ilish o‘tkazilishi borasida xat berilgan. Biroq rossiyalik mutaxassis turli bahonalarni ro‘kach qilgan holda, mazkur yig‘ilishga tashrif buyurmadi.

Umuman olganda, Andrey Kanchelskis jamoaning “Buxoro”ga qarshi kechgan bahsidan so‘ng, Namanganga tashrif buyurmay, klub rahbariyati hamda muxlislar orasiga sovuqchilik tushirishga harakat qildi.

Vaholanki, shu yilning 22 sentyabr kuni klub rahbariyati, xodimlari, “Navbahor” jamoasi murabbiylar shtabi va futbolchilari ishtirok etgan, “Navbahor”dagi ichki muhit, jamoaning so‘nggi o‘yinlardagi omadsizligi sabablari, ijtimoiy tarmoqlarda “Navbahor” to‘g‘risida bildirilayotgan turli fikrlar, shuningdek, jamoamizning Coca Cola Superligasining 17-turidan o‘rin olgan Qarshining “Nasaf” jamoasiga qarshi kechadigan o‘yiniga tayyorgarlik bo‘yicha masalalar muhokama qilingan yig‘ilishda rossiyalik mutaxassis klub rahbariyatiga “Navbahor”da joriy mavsum yakuniga qadar faoliyat yuritish, jamoaning mavsum yakunidagi natijasidan kelib chiqqan holda, keyingi faoliyatiga oydinlik kiritishga va’da bergandi.

Buni o‘sha yig‘ilishda qatnashganlar tasdiqlashi mumkin. Lekin Andrey Kanchelskis o‘sha va’dasi, bundan tashqari, klub rahbariyati, xususan, muxlislarga bergan va’dalarini bajarmay, klub rahbariyatini ogohlantirmagan holda, “Buxoro”ga qarshi kechgan bahsdan so‘ng, Namanganga qaytmay, Rossiya poytaxti Moskvaga jo‘nab ketdi.

Yana shuni ham ta’kidlash joizki, rossiyalik mutaxassisga klub tomonidan barcha sharoitlar yaratib berilgandi. Lekin Andrey Kanchelskis shunga yarasha ijobiy natija qayd eta olmadi.             

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, rossiyalik mutaxassisning nega iste’foga chiqarilganligini bilish uchun uning murabbiyligidagi so‘nggi  9 o‘yin natijasi hamda turnir jadvalidagi holatga nazar tashlash kifoya.

Buni futboldan xabari bor har qanday muxlis yaxshi tushunadi.

Xullas, “Navbahor”ning rossiyalik sobiq bosh murabbiyi Andrey Kanchelskisning klub rahbariyati tomonidan iste’foga chiqarilishining ob’ektiv va sub’ektiv sabablari shulardan iborat.

Boshqa har qanday gap-so‘zlar esa safsatadan o‘zga narsa emas.

“Navbahor” PFK klub to‘g‘risidagi turli mish-mishlarga ishonmaslik hamda har qanday rasmiy ma’lumot klubimizning pfcnavbahor.uz rasmiy saytida yozilishini ma’lum qiladi.

So‘zimiz yakunida Andrey Kanchelskisning keyingi murabbiylik faoliyatida omad va zafarlar yor bo‘lishini tilagan holda, shuni ta’kidlamoqchimizki, inson har qanday holatda ham insoniylik fazilatlarini yo‘qotmasligi, o‘z ishining ustasi bo‘lishi hamda quruq va’dalarni bermasligi lozim", - deb yoziladi klub bayonotida.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Fk navbahor
01/11/2020 20:09
Vay blat qip qizil aferist ekanku bu alkash