
"Navbahor" futbolchisi muxlislarga murojaat qildi
O‘zbekiston kubogi guruh bosqich 3-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Olimpik” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv arafasida “lochinlar” yarim himoyachisi Sardor Telyakov bo‘lajak o‘yin haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Futbolchi muxlislarga murojaat qilib, jamoani qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
- “Olimpik” Pro-liga ishtirokchisi bo‘lsa-da, har bir raqibga hurmat bilan qarash lozim. Buni O‘zbekiston kubogi guruh bosqichidagi oldingi o‘yinlar ham tasdiqladi, ya’ni avvalgi bahslardagi raqiblarimiz ham Pro-liga va Birinchi liga vakillari bo‘lishsa-da, jamoamizga munosib qarshilik ko‘rsatishga intildi. O‘sha o‘yinlardagi g‘alabalar osonlikcha qo‘lga kiritilmadi. “Olimpik” jamoamiz kabi oldingi ikkita bellashuvda zafar quchganligi bois, bo‘lajak uchrashuv guruh g‘olibini aniqlab berishi bilan ham ahamiyatli. Keyingi bosqichga guruh peshqadami sifatida yo‘l olmoqchimiz. Shu bois, bahsda g‘alaba qozonish uchun barcha imkoniyatimizni ishga solamiz.
Ushbu o‘yindan boshlab, jamoamiz muxlislari yana bevosita stadionda biz – futbolchilarni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Shuning uchun ishqibozlarga quvonch ulashishga harakat qilamiz. Faqat ular jamoamizni munosib tarzda qo‘llab-quvvatlab turishsa, bo‘lgani, - dedi futbolchi.
Fikrlar