
“Navbahor” finalda. Bu qanday ro‘y berdi?
Bugun O‘zbekiston kubogida ikkinchi yarim final bahsi o‘tkazildi. Unda “So‘g‘diyona” Namanganda mezbonlarga qarshi kuch sinashdi. Bellashuvda jamoalar 120 daqiqa harakat qilib ham darvozalarga yo‘l topa olmadi. Natijada penaltilar seriyasida omad “Navbahor”ga kulib boqdi. “Lochinlar” lotereyalarda aniq zarbalar berib, 3:1 hisobida zafar quchdi. E’tiborga molik tomoni, Samvel Babayan shogirdlari joriy mavsum jizzaxliklarga 3 uchrashuvda ham o‘yindan gol ura olmadi.
Endi esa o‘yinda ro‘y bergan jarayonlarga batafsil to‘xtalamiz.
9-daqiqada Jamshid Iskanderov standartdan oshirgan to‘pni Boyan Tsigar chalqancha uslubda darvozaga kiritgandi. Biroq u o‘yindan tashqarida qolib ketgani bois gol inobatga olinmadi.
17-daqiqada markazda “So‘g‘diyona” a’zosi Diyor Turopovni ortidan oyog‘ini tagi bilan bosdi va sariq kartochka ishlab oldi. Aziz Asimov ushbu holatni VARda ko‘rgach qarorini o‘zgarishsiz qoldirdi. Ya’ni vaziyat qizil kartochkaga tortmadi.
Taym o‘rtalarida Stanislav Andreevning kuchli zarbasini Milan Mitrovich qaytardi. Oradan biroz o‘tib, Iskanderov o‘ng tomondan juda chiroyli tarzda pas berdi. Bunday holatni Doniyor Abdumannopov kutmagani bois vaziyatni boy berdi. Natijada imkoniyat qo‘ldan chiqdi.
39-daqida har doim ham oldinga o‘tmaydigan jizzaxliklar anchagina xavfli vaziyat sodir etishdi. Chap qanotdan oshirilgan to‘pni mezbonlar himoyachilari qiyinchilik bilan qaytarib yubordi.
Ulug‘bek Baqoev shogirdlari chuqur himoyaga e’tibor qaratdi. Oldinga o‘tganda xatoga yo‘l qo‘ymasdan hujumni yakunlashga urindi. Samvel Babayan jamoasi esa raqib jarima maydoni atrofida vaziyatlar sodir etib charchamadi. Ammo dastlabki 45-daqiqalikda gol urilmadi.
Ikkinchi bo‘shlimdagi ilk vaziyatni Jamshid Boltaboev yaratdi. Yarim himoyachi jarima maydoni tashqarisidan ancha kuchli zarba yo‘llagandi. Biroq biroz noaniq.
Abdujalil Mamanazarov 71-daqiqada Davron Hoshimovga nisbatan keskinroq o‘ynagani bois ikkinchi sariq kartochka ko‘rsatildi va u maydondan chetlatildi. Bir kishi ko‘p bo‘lib qolgan mezbonlar pozitsion hujumlar orqali mehmonlar darvozasiga zarbalar berdi. Ammo “lochinlar”da hujumchi muammosi ko‘zga tashlandi. Zoran Marushich formada emas va u har doim ham gol ura olmayapti. Aleksandr Kasyan borasida ham shu fikrlarni bildirish mumkin. Hujumchilar nuqta qo‘ya olmayotgan pallada Davron Hoshimov qanotdan uzatgan to‘pni Yovan Jokich boshi bilan darvozaga yo‘naltirib, hisobni ochishga urindi. Biroq Jokichning zarbasiga aniqlik etishmadi.
“So‘g‘diyona” ortda nafaqat ishonchli, balki himoyalanayotganda oldinga o‘tishda aniq o‘ynadi. Jizzaxliklarning rejasi bitta kam qolganda ham buzilmadi.
86-daqiqada golga tortadigan vaziyat sodir etildi. Dastlab Jokichning urinishini Mitrovich bartaraf etdi. Qaytgan to‘pni Boltaboev to‘rga kirita olmadi. Bu pallada jizzaxlik futbolchilar tempni tushirish uchun vaqtni cho‘zishdi. Chunki ular oxirgi daqiqalarda gol o‘tkazib yubormaslik uchun shunday yo‘l tutdi.
Uchrashuvning asosiy vaqtiga qo‘shib berilgan daqiqaning oxirgisida ikki jamoada bittadan xavfli vaziyat sodir etildi. Asad Sobirjonov ko‘ngildagidek zarba bera olmagan bo‘lsa, jizzaxliklar vakilining zarbasini O‘tkir Yusupov ikkinchi urinishda ushlab qoldi. Natijada bosh hakam ekstra taymlarga murojaat qildi.
115-daqiqada Davron Hoshimov o‘ng qanotdan juda qulay tarzda zaxiradan maydonga tushgan Asadbek Jo‘raboevga pas berdi. Ammo yosh futbolchi biroz hayajon sabab to‘pni darvozaga to‘g‘rilay olmadi. Undan keyin Golban boshi bilan darvozani ishg‘ol qilolmadi.
Oxirgi daqiqalarda Boltaboev va Qulmatov bir martadan uzoq masofadan zarbalar yo‘lladi. Ammo noaniq. Shu tariqa, jamoalar penaltilar seriyasiga o‘tdi.
Lotereyalar bahsida omad “Navbahor”ga kulib boqdi. Mezbonlar 3:1 hisobida g‘alabaga erishdi. Butun o‘yin davomida katta ustunlikka erishgan Samvel Babayan shogirdlari haqli tarzda finalga yo‘l oldi. Ulug‘bek Baqoev jamoasini penaltilargacha olib boryapti, lekin bu jamoaga naf keltirmayapti. “So‘g‘diyona” penaltilar seriyasi borasida jiddiy ishlashi kerakligi ko‘rindi.
Endi oxirgi yillardagi eng yaxshi final bizni kutmoqda deyishimiz mumkin. Buxoroda zo‘r muxlislar va futbol o‘ynaydigan jamoalar to‘qnashuvining shohidiga aylanamiz. 30 oktyabrni intiqlik bilan kutamiz.
Bekzod ISAEV
Fikrlar