
"Navbahor-Farm" murabbiyi: "Jamoamizga ochko juda zarur edi"
Pro liganing qoldirilgan 13-turidan o‘rin olgan “Navbahor-farm” – “Xorazm” (1:2) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida “Navbahor-farm” jamoasi yordamchi murabbiyi Karimjon Bozorov ishtirok etib, OAV xodimlarining savollariga javob berdi. U o‘z so‘zi avvalida o‘yin haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Assalomu alaykum! So‘zim avvalida bugungi mag‘lubiyat uchun muxlislardan uzr so‘rayman. Uchrashuv borasida to‘xtaladigan bo‘lsam, o‘yin juda shiddatli tarzda kechdi. Turnir jadvalidagi holatimizdan kelib chiqqan holda bugun maydonga g‘alaba ishtiyoqida tushgandik. Boisi, jamoamizga ochko juda zarur edi. Aslida yigitlar yomon o‘yin ko‘rsatishmadi. Lekin bu futbol, unda kimdir g‘alaba qozonadi, kimdir mag‘lubiyatga uchraydi.
Bugun omad “Xorazm”ga kulib boqdi. Urganchliklar bor-yo‘g‘i ikkita xavfli vaziyat yaratib, o‘sha holatlarni golga aylantirishdi. Aslida o‘yinda ustunlik, to‘p nazorati jamoamizda bo‘ldi. Biroq futbolchilar vaziyatlardan foydalana olishmadi. Endi ushbu uchrashuvdagi xatolardan xulosa chiqargan holda keyingi o‘yinlarda g‘alaba qozonib, muxlislarga quvonch ulashishga intilamiz.
- Sizningcha, futbolchilarga hujumlarni yakunlashda nima etishmadi?
- Yigitlar harakat qilishyapti, ammo ta’kidlaganingizdek, negadir hujumlar yakuniga etmayapti. Endi xatolar ustida ishlab, keyingi bahslarda ushbu holatlarni bartaraf etamiz, degan umiddaman.
“Navbahor” PFK matbuot xizmati.
Fikrlar