
"Navbahor" eng zo‘ri, "Nasaf" guruhdan chiqadimi? "Paxtakor"da imkon bormi? Barcha guruhlardagi xolat. (Batafsil)
Osiyo chempionlar ligasining guruh bosqichi o‘z avj pallasiga chiqib bormoqda. Ortda qolgan 4 turdan so‘ng, kvartetlardagi holat va eng yaxshi ikkinchi o‘rin egalari o‘rtasidagi poyga haqida batafsil ma’lumotlar bilan tanishing!
A guruhi
"Al Ayn" mehmonda Saudiya Arabistoni klubi - "Al Feyxa"ni ortiqcha qiyinchiliksiz engib, pley-offga birinchi o‘rin bilan chiqishni naqd qilib qo‘ydi. 4 o‘yinda 4 g‘alaba qozongan BAA klubidan keyin ikkinchi o‘rinni olish uchun "Paxtakor" va "Al Feyxa" asosiy da’vogar. Hozirgina yakuniga etgan Ashxoboddagi bahsda esa, kutilmaganda "sherlar" durangga imzo chekib pley-off uchun imkoniyatini keskin pasaytirib yubordi. "Al Ayn" Toshkent klubi uchun qulay natijani qayd etganiga qaramay, 2 o‘rinni egallagan 5 jamoaning barchasi ham pley-offga yo‘l olmasligini unutmaslik lozim.
28-noyabr, Abu Dabi
"Al Ayn" - "Paxtakor"
05-dekabr, Toshkent
"Paxtakor" - "Al Fayha"
"B" guruhi
"Sharja" etakchilik qilayotgan kvartetda vaziyat ancha chigal. "As Sadd" 4 ochko bilan 3 o‘rinda borayotganiga qaramay, qatarliklarda ham pley-off uchun imkoniyat saqlanib qolingan. "Nasaf" esa, 5 turda "Al Faysali"ni o‘zida qabul qiladi. Bu bahsdagi "ajdarlar"ning g‘alabasi guruhdagi ikkinchi o‘rin masalasiga oydinlik kiritib qo‘yishi hech gap emas. Sababi, "As Sadd" 5 turda "Sharja" bilan durang o‘ynasa ham, muddatidan avval keyingi bosqichga chiqish imkoniyatini yo‘qotadi.
27-noyabr, Qarshi
"Nasaf" - "Al Faysali"
04-dekabr, Doha
"As Sadd" - "Nasaf"
"C" guruhi
Kutilmaganda mehmonda mag‘lub bo‘lgan "Al Ittihod" peshqadamlikni hech kimga berganicha yo‘q. Uni ortidan quvib kelayotgan "Sepaxon"da 7 ochko mavjud. OKMK "Ozodi"da qabul qilingan javobsiz 9 goldan so‘ng, keyingi bosqichga chiqish uyoqda tursin, ruhan tiklanib olishi ham ulkan voqea sifatida qabul qiladigan ahvolda. Bu guruhda Iroqning "Al Quva" ("Eyr Fors") klubida ham 7 ochko mavjud bo‘lib, ular ham pley-off yo‘llanmasi uchun jang taklif etishi mumkin.
27-noyabr, Olmaliq
"OKMK" - "Al Ittihod"
04-dekabr, Bag‘dod
"Eyr Fors" - "OKMK"
"D" guruhi.
Saudiyaning "Al Hilol" jamoasi "Navbahor" bilan birgalikda kvartetda peshqadamlik qilmoqda. 1,2 o‘rinlar aynan bu jamoalar o‘rtasida taqsimlanadi. Agar "Navbahor" Hindistonda "Mumbay Siti"dan ustun kelsa, katta ehtimol bilan Namangandagi to‘qnashuv guruhni eng zo‘ri kim ekanligini bizga aniqlab beradi.
28-noyabr, Namangan
"Navbahor" - "Al Hilol"
04-dekabr, Mumbay
"Mumbay Siti" - "Navbahor"
"E" guruhi
Ronaldu boshchiligidagi "An Nasr" OChL guruh bosqichini yuqori kayfiyatda o‘tkazmoqda. Eronning "Persapolis" jamoasi ikkinchi pog‘onada mustahkam joylashib olgan. Katta ehtimol bilan, yakunda birinchi va ikkinchi o‘rin egalari nomi o‘zgarmaydi.
Eng yaxshi ikkinchi o‘rin uchun kimlarda imkoniyat mavjud?
Ayni damda, eng yaxshi ikkinchi o‘rinni egallab turgan 3 jamoaning 2 tasi bizning klublar ekanligi xursand qiladi, biroq hali kurash yakunlangani yo‘q. "Nasaf" qolgan 2 o‘yinda kamida 4 ochko ishlashi kerak bo‘lsa, "Paxtakor" "Al Ayn" va "Al Feyha"ni engishi shart. "Navbahor"da esa, imkoniyat ancha yaxshi. "Lochinlar"ga katta ehtimol bilan 2 o‘yinda jamg‘arilgan 1 ochko ham etarli bo‘lishi mumkin.
Fikrlar