
"Navbahor" bu borada kuchli uchlikda!
O‘zingizga ma’lum, ortda qolgan mavsumda "Navbahor" 26 ta o‘yin o‘tkazib, 14 ta g‘alaba, 5 ta durang va 7 ta mag‘lubiyatni qayd etdi. Ushbu o‘yinlarida jamoa raqiblar darvozasiga 44 ta gol urgan holda, o‘z darvozasidan 19 ta to‘p o‘tkazib yuborib, yakunda 47 ochko to‘pladi hamda 3-o‘rinni egallab, bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Ta’kidlash joizki, “Navbahor” o‘tgan mavsumda Coca Cola Superligasida o‘z darvozasidan eng kam to‘p o‘tkazgan, himoyasi eng mustahkam 3 jamoadan biri bo‘ldi.
Xo‘sh, Samvel Babayan shogirdlari Namangan va safardagi uchrashuvlarda qanday natijalarni qayd etishdi?
Namangan klubi Coca Cola Superliga – 2023 da o‘z maydonida o‘tkazilgan 13 ta bahsning 9 tasida g‘alaba qozonib, 2 ta durang va 2 ta mag‘lubiyatni qayd etib, raqiblar darvozasiga 24 ta gol urgan holda, o‘z darvozasidan 5 ta to‘p olib chiqdi hamda 29 ochko to‘pladi. Bu esa Superligadagi eng yaxshi natijadir, ya’ni, “Navbahor” yakunlangan mavsumda o‘z maydonida eng ko‘p zafar quchgan jamoa bo‘ldi.
“Lochinlar” safardagi 13 ta uchrashuvning 5 tasida zafar quchib, 3 ta durang hamda 5 ta mag‘lubiyatni qayd etgan holda, raqiblar darvozasiga 20 ta gol urgan holda, o‘z darvozasidan 14 ta to‘p olib chiqishdi va 18 ochko jamg‘arishdi.
Mazkur o‘yinlarda qayd etilgan natijalar yakunda "lochinlar"ga o‘z tarixida 10-marta bronza medalini qo‘lga kiritishini ta’minladi.
Fikrlar