
“Nasaf” qay tarzda g‘alaba qozondi? Buxoroga yo‘l chindan ham Qarshi shahridan yaqin!
Bugun O‘zbekiston kubogi yarim final bahsi o‘tkazildi. “Nasaf” Qarshida AGMKni qabul qildi.
O‘yin afisha va nom jihatdan anchagina katta edi. Uchrashuv shunga monand o‘tdi. Muxlislar futboldan zavq oldi. Ikki murabbiy jamoasini yaxshi tayyorlagan va bellashuv davomida turli yurishlarni amalga oshirdi.
O‘yinga to‘xtaladigan bo‘lsak, 10-daqiqada Umar Eshmurodov jamoadoshi tashlab bergan to‘pni jarima maydoni ichidan darvozaga joylab qo‘ya olmadi. Undan avvalroq G‘olib G‘aybullaevda imkoniyat bo‘lgandi.
AGMK qanotdan uzatmalarga e’tibor qaratdi. Bu Qosimov jamoalariga xos hislat.
13-daqiqada Boake jarima maydoni ichida yiqildi. Qarshiliklarning baxtiga hujumchi to‘pni qabul qilib olayotganda o‘yindan tashqari holatda qolib ketgandi.
Shundan so‘ng "ajdarlar" raqibga qanotlar orqali hujum bilan javob berishdi. O‘ng tomondan uzatilgan to‘pni Sherzod Nasrullaev darvozaga kiritib yuborishiga bir bahiya qoldi.
Olmaliqliklar uzun paslar orqali Boakega to‘pni etkazib berishga urindi. Bu harakatlar doim ham o‘xshamadi. Biroq legioner futbolchi mezbonlar himoyachilarini bosimda ushladi.
Taym o‘rtalarida qarshiliklar jarima zarbasi ishlab oldi. Standartdan oshirilgan to‘pni Botirali Ergashev ushlab qololmadi. Qaytgan to‘pni mezbonlar vakili darvozaga joylay olmadi.
AGMK futbolchisi burchakdan to‘pni darvozaga yo‘naltirdi. So‘nggi pallada Husniddin Aliqulov darvozaga kirib ketayotgan to‘pni boshi bilan qaytardi. Ancha xavfli vaziyat bartaraf etildi.
37-daqiqada Haqnazariy himobni ochdi. Himoyadan boshlangan hujumni Dilshod Ahmadaliev jarima maydonidagi Siyavushga uzatdi. Eronlik futbolchi chap oyog‘ida darvozani qiyinchiliksiz ishg‘ol qildi.
Dastlabki bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarning oxirida G‘olib G‘aybullaev muvozanatni tikladi. Ketma-ket uyushtirilgan hujumni muvaffiqiyatli yakunladi. U jarima maydoni ichida qarovsiz qoldirildi va to‘pni to‘rga kiritdi.
Ikkinchi taymda dastlabki vaziyat Shohruh Gadoev tomonidan sodir etildi. Qarshi hujumdan so‘ng Gadoev tepgan to‘pni darvozabon ushlab oldi. Keyingi hujumda Shohruh boshi bilan gol urishi mumkin edi. Biroq...
Uchrashuvning uchdan ikki qismi o‘tib borayotganda Alibek Davronov chap qanotdan oshirilgan to‘pni boshi bilan darvozaga joyladi. Bu holatda Akmal Mozgovoy chiroyli tarzda sherigini to‘p bilan ta’minlagani e’tiborga molik. Qarshiliklar iroda namoyish etdi.
Birozdan so‘ng Husain Norchaev katta tezlikda jarima maydoniga yorib kirib zarba berdi. U tepgan to‘pni Botirali Ergashev xatoga yo‘l qo‘yib ushlab qololmadi. Uning baxtiga to‘p ustun yonidan o‘tib ketdi.
74-daqiqada "Nasaf"dan shturm uyushtirdi. Dastlab Marko Stanoevichning zarbasini Ergashev qaytardi. Qarshiliklarning undan keyingi urinishlarini ham darvozabon bartaraf etdi.
90+1-daqiqada Mirjahon Mirahmadov jamoadoshi Xurshid G‘iyosovning uzatmasidan so‘ng to‘pni qabul qilib zarba berdi. Umid Ergashev qaytardi. Qaytgan to‘pga Anzur Ismoilov zarba berganda qoida buzilgan ekan. Shu tariqa, Olmaliq jamoasi muvozanatni tiklash imkoniyatidan foydalana olmadi. Natijada "Nasaf" bu yil ham finalga yo‘l oldi.
Uchrashuvdan avval AGMK klubi matbuot xizmati o‘yinga chiroyli posterlarni telegramga joylab bordi. Ularning birida “Buxoroga yo‘l Qarshi shahridan yaqin”, deya nomlangandi. Ha, bu kreativlik. Ammo AGMK uchun Buxoroga Qarshidan yaqin emas ekan. Aksincha, Berdiev shogirdlari uchun Buxoroga Olmaliqdan ko‘ra Qarshidan ancha yaqin.
O‘z navbatida Mirjalol Qosimov jamoasi mavsumdagi hozircha, eng yaxshi o‘yinini o‘tkazdi. “Nasaf” esa haqli g‘alabaga erishib, final chiptasiga ega chiqdi. Endi amaldagi kubok sohibi "Nasaf" Buxoroda o‘z titulini himoya qiladi.
Endi Namanganda “Navbahor” va “So‘g‘diyona” final uchun kurashadi. Bu bellashuv ertaga 19:00da start oladi.
Bekzod ISAEV
Fikrlar