Namanganda "Andijon taym" yoxud "Navbahor" 4 ta gol urgan o‘yinda g‘olib aniqlanmadi

  • 29 mart, 02:05
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Superliganing 3-turidan o‘rin olgan vodiy derbisiga tayyorgarlik juda katta bo‘ldi. Bunday derbi endi oddiy o‘yin toifasidan emas. Aytish kerakki, bu kabi qarama-qarshilik yirik ko‘rinishda va katta auditoriyani keng qamrovga olgani bilan ham diqqatga sazovor.

“Navbahor” va “Andijon” klublari bir-biri uchun printsipial raqibligini barcha yaxshi biladi. O‘tgan yilgi tarixiy uchrashuvlar so‘zimizni tasdiqlaydi. Jamoalarning navbatdagi to‘qnashuvi ham oldindan kutilganidek, “olovli” haroratda o‘tdi. Bunda albatta muxlislarning roli beqiyos. “Andijon” fan-klubi Namangandagi “Markaziy” stadionni “yondirdi”. Andijonda “Burgutlar”ni qo‘llash uchun 5000 ga yaqin muxlislar Namanganga keldilar. “Ultras Burgut” chindan ham katta daraja. Nodirbek To‘ychiev boshchiligidagi muxlislar armiyasi o‘yinning haroratini yanada oshirib yubordilar. Bunday muhitda to‘p surish istalgan futbolchiga zavq bag‘ishlaydi.

O‘yin “Andijon” uchun omadsiz boshlandi. Chunki dastlabki daqiqalardayoq mezbonlar gol urishdi. Lekin “Andijon” futbolchilari bu golga tezda reaktsiya ko‘rsata oldilar. Islam Mashukov qulay to‘p uzatishini qabul qilib, jarima maydoni ichida mahoratini ishga solgan holda raqibi va darvozabonni ortda qoldirib, o‘tkir burchakdan bo‘lishiga qaramay, darvoza tomon zarba yo‘lladi hamda to‘p raqib o‘yinchisiga tegib darvoza to‘ridan joy oldi. Bunda albatta Mashukovning mehnati katta bo‘ldi. Garchi yana golli imkoniyatlar bo‘lsa-da, tanaffusgacha shu hisob o‘zgarmadi.

Ikkinchi bo‘lim ham shiddatli boshlandi. 52-daqiqada mezbonlar futbolchisi Abbos G‘ulomov hisobni o‘zgartirdi. Ikkala jamoa ham o‘z muxlislari qarshisida va bunday derbida mag‘lub bo‘lishni sira xohlashmasdi. Shu bois futbolchilar maydonda bir-birini ayamadilar, har bir to‘pga jon-jahdlari bilan kurashdilar. Bir vaziyatda Mirzad Mexanovich Shoxmalik Komilov bilan markazda to‘p uchun kurashdi va jarohat olishdi. Bosh hakam esa VARni ko‘rgach, Mexanovichni maydondan chetlatdi.

Vodiy derbisi oddiy o‘tishi mumkin emas, unda albatta keskinlik, asabiylik, tinim bilmaslik va kurashuvchanlik yuqori darajaga chiqadi. Hakam to‘xtalishlar uchun 10 daqiqa qo‘shib berdi. O‘sha daqiqalar ichida “Navbahor” futbolchisiga ham qizil kartochka ko‘rsatildi. So‘nggi daqiqalarda esa “Andijon taym” ishga tushdi. Burchakdan uzatilgan to‘pdan keyin jarima maydoni ichida Islom Mamatkazin to‘p uchun kurashdi va yana raqib o‘yinchisi to‘pni o‘z darvozasiga kiritib qo‘ydi. Natijada yuqori tempdagi derbiga o‘ziga mos va xos ravishda nuqta qo‘yildi. Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan yilgi chempionatning oxirgi turida Namangandagi bahsda “Andijon” 2:3 hisobida g‘alaba qozonayotgan mahalda mezbonlar oxirgi daqiqada gol urib mag‘lubiyatdan qutulib qolishgandi. Bu safar esa “Andijon” irodasini, xarakterini ko‘rsatib, so‘nggi daqiqada kerakli golni urdi.

Bu kabi o‘yinlar shubhasiz Superliganing intrigasi hamda uning darajasini oshirishda davom etadi.  

“Navbahor” – “Andijon” – 2:2 (1:1).

28 mart. Namangan. “Markaziy” stadion. 15420 tomoshabin.

Hakamlar: Ilgiz Tantashev, Timur Gaynullin, Andrey Tsapenko

Zaxira hakami: Shaxboz Azimov

VAR: Nikita Mustafin

AVAR: Baxtiyorxo‘ja Shavkatov

Nazoratchi: Vladislav Tseytlin

Komissar: Diyor Hotamqulov

“Navbahor”: Umid Ergashev, Azim Ahmedov (Javohir Abdujabborov, 62), Shoxmalik Komilov (Shaxzod Toirov, 75), Gilerme Gedesh, Gabriel Alves, Saidazamat Mirsaidov, Benjamin Tedi, Sergey Karpovich, Abbos G‘ulomov (Ruslan Jiyanov, 80), Zabihillo O‘rinboev (Pedro Karvalo, 75), Shaxzod Ubaydullaev (Alisher Odilov, 62).

“Andijon”: Eldor Adhamov, Islom Mamatkazin, Luka Uskokovich, Abdulvohid G‘ulomov, Abdurahmon Komilov (Doniyor Abdumannopov, 68), Iskandar Shoyqulov (Altin Kreziu, 68), Usmonali Ismonaliev (Sardor Azimov, 86), Muhammadkarim Toirov (Rustam Turdimurodov, 86), Mirzad Mexanovich, Bektemir Abdumannonov (Farhod Sohibjonov, 82), Islam Mashukov.

Gollar: Zabihillo O‘rinboev, 2 – 1:0. Gilerme Gedesh, 6-avtogol. – 1:1. Abbos G‘ulomov, 52 – 2:1. Benjamin Tedi, 90+8-avtogol. – 2:2.

Ogohlantirishlar: Shoxmalik Komilov, 40+3. Saidazamat Mirsaidov, 90+3. Qobil Olimjonov, 90+6 (darvozabonlar murabbiyi).

Chetlatishlar: Mirzad Mexanovich, 72. Saidazamat Mirsadiov, 90+6.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Olimov imomali
29/03/2025 11:27
Gedish... Tedi formani rangiga qarash kerak edi ehhh bola bola