
"MYu"ga tik turib tomosha qilishga mo‘ljallangan tribunalarni tashkil etishga ruxsat berildi
«Manchester Yunayted» klubi «Old Trafford» stadionida ishqibozlar uchun tik turib tomosha qilishga mo‘ljallangan tribunalar tashkil etishga ruxsat olganini e’lon qildi.
«Qizil iblislar» rasmiy saytida yoritilishicha, klub stadionidagi ikkita sektorda 1,5 ming dona tik turib tomosha qilishga mo‘ljallangan o‘rin yaratishga ruxsat olgan. Tez orada bunday o‘rinlarni qurib beradigan qurilish kompaniyalari bilan muzokaralar boshlanadi.
«Shuni alohida ta’kidlab o‘tish kerakki, biz uchun eng muhimi – bu koronavirus pandemiyasi vaqtida ishqibozlarimizning sog‘ligi. Stadion borasidagi rejalarimiz haqida mana shunday paytda gapirayotganimiz ehtimol g‘alati ko‘rinar, biroq futbol va ishqibozlarimiz xavf-hatar arigandan keyin qaytishadi.
Shu asosda boshlagan ishlarimiz davom etishi kerak. Bugungi xabar – klubning ishqibozlar bilan birga katta yo‘lda tashlagan dastlabki qadami. Biz o‘z taklifimizni mukammallashtirish uchun ularning fikrlariga quloq tutdik va Trafford tumani kengashi bilan ish olib bordik. Agar hammasi muvaffaqiyatli chiqsa, biz stadionning boshqa qismlarida ham tik turib tomosha qiladigan tribunalarni tashkil etishda davom etamiz», - dedi «Manchester Yunayted» klubi ijrochi direktori Richard Arnold.
Fikrlar