
"Muzokaralar ketyapti, takliflar bor" - Sherzod Temirovning Gonkongdagi faoliyati yakunlanyaptimi yoki...
Gonkong chempionatidagi yagona legionerimiz Sherzod Temirov yakuniga etgan mavsumda jamoasi – “Kitchi” bilan 4-o‘rinni band qildi. Lekin ikkita Kubokni yutishga muvaffaq bo‘ldi.
Hamyurtimiz uchun yaxshi mavsum o‘tdi, desak bo‘ladi. Gollar ham urdi va jamoasiga foyda keltirdi.
Kuni kecha Sports.uz jurnalisti Temirov bilan suhbatlashdi.
- Sherzodbek, Gonkong chempionatida o‘tkazgan debyut mavsumingiz haqida so‘ramoqchiman. Nimalarga erishdingiz va nimalar qo‘ldan chiqarildi? Umuman, sizda qanday taassurot qoldirdi?
- Avvalo, barcha futbol muxlislarini yaqinlashib kelayotgan Xayit bayrami bilan tabriklayman. Mavsumga keladigan bo‘lsak, jamoamiz bilan juda yaxshi o‘tkazdik. Klubga kechroq qo‘shilganim uchun boshida ozroq qiyin bo‘ldi. Murabbiy hamda jamoadoshlarimning yordami bilan hammasi iziga tushib ketdi. Bu mavsumda jamoamiz bilan ikkita Kubokni yutdik. Qo‘ldan ketgan Kubok esa bu chempionlik sovrini edi. Futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Biz kutgan narsalar biz o‘ylagandek bo‘lib chiqavermas ekan. Asosiysi, har bir futbolchi ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishdir. Men o‘zimga kerakli o‘yin amaliyotiga ega bo‘ldim.
- Gonkongda siz uchun unutilmas kun qaysi bo‘ldi?
- Juda qiziq savol berdingiz. Albatta, bu jamoam bilan birinchi Kubokni qo‘lga kiritganimda yuz bergan va unutilmas kun bo‘lib qolgan.
- Yangi rejalaringiz biz uchun qiziq. Klubingizda qolasizmi?
- Hozirda muzokaralar ketyapti. Takliflar ham bor. Hammasini ko‘rib chiqib, to‘g‘ri qaror qabul qilamiz. Oldindan nimadir deb ayta olmayman.
- Demak, oldingizda yangi chaqiruvlar bor ekan-da?
- Ha, variantlar bor, hammasini vaqt ko‘rsatadi.
- Gonkong futbolida sizni nima hayron qoldirdi?
- Xayron qoldirgan narsa - tizim juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Har bir sohada juda kuchli mutaxassislar ishlaydi.
- Adashmasam, chempionatda 5 ta, kuboklarda 3 ta gol urdingiz. Hujumchi sifatida bu sizni qoniqtiradimi?
- Hujumchining asosiy vazifasi gol urish. Buning uchun ko‘proq mehnat qilish kerak. Jamoangizda yaxshi va ajoyib ijrochilari bo‘lsa, har bir o‘yinda gol urish imkoniyati yuqori bo‘ladi. 3 ta gol - men uchun kam deb hisoblayman.
- Terma jamoadan siz uchun chaqiruv bo‘lmayapti. Bu sizningcha nima bilan bog‘liq?
- Har bir futbolchi terma jamoada to‘p surishni xohlaydi. Raqobat bor joyda o‘sish bo‘ladi. Hammasi oldinda. Barchasini vaqt ko‘rsatadi. Chaqiruv bo‘lmayotganini nimagadir bog‘lay olmayman. Yaxshisi sabr va mehnat qilishda davom etaman.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar