
Murodjon Ahmadalievning jahon chempionlik kamari uchun jang sanasi ma’lum bo‘ldi
Professional boksning ikkinchi yarim engil (-55,34 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan Murodjon Ahmadaliev (7-0, 6 KO) kelgusi yil boshida jahon chempionlik kamari uchun ringga ko‘tariladi.
GoSport.uz internet-nashri manbalari bergan xabarga ko‘ra, Ahmadaliev mazkur vaznning WBA va IBF yo‘nalishlari chempioni Daniel Romanga (27-2-1, 10 KO) qarshi jangi 2020 yilning 31 yanvar kuni AQShning Mayami shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilmoqda. Ayni vaqtda mazkur jang bo‘yicha muzokara jarayoni davom etmoqda va tomonlar 31 yanvarda jang o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishishi deyarli aniq bo‘lib ulgurgan.
Jang Matchroom Boxing va uning rahbari Eddi Xirn tomonidan tashkil etilishi aytilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Ahmadaliev va Roman o‘rtasidagi chempionlik jangi aslida joriy yilning 13 sentyabr kuni o‘tkazilishi lozim edi. Ammo Roman elkasidan jarohat olgani bahonasi bilan jangda ishtirok eta olmasligini bildirgan va majburiy kamar himoyasi uchun jang muddati shu tariqa ortga surilgandi. Ahmadaliev esa boshqa raqibga qarshi reyting jangida ishtirok etgandi.
Fikrlar