
Mujibullo Tursunov nega professional boksdagi faoliyatini boshlashga qaror qildi? Abduvohid Jalolov javob berdi
Xabaringiz bor, 13 avgust kuni Lift promouterlik kompaniyasi tomonidan tashkil etilayotgan professional boks oqshomida bir qator yurtimizning iste’dodli charmqo‘lqop ustalari ringga ko‘tariladi. Ular orasida umidli vakillarimizdan biri Mujibullo Tursunov ham debyut jangini o‘tkazishi ko‘zda tutilgan. Albatta, Mujibulloning hali havaskor boksda erishadigan natijalari bisyor, biroq u professional boksda ham o‘z yurishini boshlamoqchi...
Bunga nima sabab bo‘lganligi, bir vaqtda havaskor hamda professional yo‘nalishda harakat qilishi uning faoliyatiga salbiy ta’’sir qilmaydimi, degan savollarga murabbiyi Abduvohid Jalolovdan javob oldik.
- Biz ushbu promouterlik klubi bilan shartnoma imzolaganimiz yo‘q. Bizga ushbu kechada jang qilib berishimizni so‘rashdi. Chunki, Mujibulloni yurtimizda muxlislar yaxshi bilishadi. Ehtimol, shuning uchun ham taklif etishgandir. Bizda vaqt borligi uchun bitta jangga rozi bo‘ldik. Bolgariyadagi turnirdagi ishtirok, undan keyin Qozog‘istonda 2 ta jang o‘tkazdik. Shundan beri mana oradan 2 oy o‘tyapti, musobaqalarda ishtirok etmayapti. Quvaytdagi musobaqada tanaffus qildik. Yaqinda bo‘ladigan Grozniydagi Ahmad Xoji Qodirov xotira turnirida ham ishtirok etmaydi. Oradagi 3 oylik tanaffusni to‘ldirish va jangovar holatni yaxshilash maqsadida ushbu jangni o‘tkazishga rozi bo‘ldik. Professional boksga to‘laqonli ravishda o‘tish niyatida emasmiz. Qachonki, yaxshi taklif bo‘lsa, Bahodir Jalolovni yo‘lini tutgan holda, har ikki yo‘nalishni bir vaqtda olib ketishimiz mumkin. Aslida, bokschilarning ma’lum bir yil mobaynida professional boksda harakat qilib, yana havaskorga qaytishiga mutlaqo qarshiman.
Hozircha, Mujibulloni havaskor boksda "Stranja" turniridan boshqa yutug‘i yo‘q. Maqsadimiz oldimizda turgan jahon chempionati, Olimpiada o‘yinlarida yaxshi natija qayd etib, yurtimiz sharafini munosib himoya qilishdir. Bu qaysidir ma’noda professional boks olamidagi menejerlarni e’tiborini tortish, gonorar borasida ham yaxshi takliflarga zamin yaratadi. Ana o‘shanda faoliyatimizni butkul professional boksga qaratamiz.
Fikrlar