
Muhsin Nizomiddinov: "Ikki xil taym bo‘ldi"
Superliga uchun o‘tish o‘yinida “Qo‘qon-1912” o‘z maydonida “Qizilqum”ga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi va yana pro ligada qoldi. Uchrashuvdan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Muhsin Nizomiddinov matbuot anjumanida qatnashdi.
- Tomoshabop o‘yin bo‘ldi. Birinchi bo‘limda futbolchilarimizda biroz bosim bo‘ldi, raqib Superliga vakili bo‘lgani uchun. Hech qisi yo‘q. Og‘ir o‘yin bo‘lishini kutgandik. Yigitlar borini berib o‘ynadilar. Ikki xil taym bo‘ldi. Hayot davom etadi. “Qizilqum” jamoasini Superligada qolgani bilan tabriklaymiz. Muxlislarimizdan uzr so‘raymiz. Bizni yil davomida sovuqda, yomg‘irda, issiqda stadionga kelib qo‘llab-quvvatlab turishgani uchun rahmat. Yana harakat qilamiz. Maqsadimiz Superliga!
- “Qo‘qon-1912” jamoasi bugun nimaning hisobiga mag‘lubiyatga uchradi, deb o‘ylaysiz? Tajriba yoki boshqa narsa...
- Yo‘q, tajriba emas. Bu bitta uchrashuvdan iborat edi va bunda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Yutqazganimizni sababini ko‘rib chiqamiz. Boshida yigitlarda biroz muvozanat etishmadi. Hayajon bo‘ldi. Kichik xatolar evaziga gollar o‘tkazib yubordik.
- San’at Shixovni asosiy tarkibda tushirmadingiz. Uni jarohati bormidi?
- Yo‘q. Biz deyarli bir oy shug‘ullandik. Shu vaqt davomida faqat ikki marta o‘yin o‘tkazdik, xolos. O‘rtoqlik uchrashuvlari bu rasmiy o‘yinlar emas-da! Jamoadagi barcha virusga chalinib chiqdi, San’atda ham shunday bo‘ldi. Uni boshlang‘ich tarkibda tushirmoqchi edim. Keyin ikkinchi bo‘limda o‘yinni kuchaytirish uchun olib qolgandik.
- Anvar Hojimirzaevga boshqa jamoalardan takliflar bormi?
- Hali ko‘ramiz. Kimnidir shartnomasi bor, kimnidir shartnomasi tugadi. Yaxshi takliflar bo‘lsa ko‘ramiz. Muammo yo‘q. Lekin Anvar Qo‘qon uchun o‘ynaydigan bola. Boshqa klubda balki yaxshi o‘ynashi mumkin, ammo u “Qo‘qon-1912” uchun o‘ynaydi. Qo‘yib yuborish niyatimiz yo‘q.
Fikrlar