
Muhammad Saloh “dahshatli” rekord o‘rnatdi
“Liverpul” futbolchilari milliy chempionatning 34-turida “Tottenxem” ustidan 5:1 hisobida zafar quchib, muddatidan avval Angliya chempionligiga sazovor bo‘ldi.
Uchrashuv mezbonlar uchun omadsiz boshlandi va bellashuvning 12-daqiqasida Solanke “Tottenxem”ni hisobda oldinga olib chiqdi. Biroq qolgan daqiqalarda “qizillar”ni to‘xtatib bo‘lmadi.
Tanaffusgacha Dias, Mak Allister va Gakpo “shporlar” darvozasini uch bor ishg‘ol qildi. O‘yinning ikkinchi yarmida Muhammad Saloh gol urdi. 69-daqiqada raqib futbolchisi Udodji o‘z darvozasiga to‘p kiritib qo‘ydi.
Muhammad Salohning chempionlik uchrashuvidagi goli unga tarixiy rekord keltirdi. Saloh umumiy gollari sonini 185 taga etkazib oldi va Angliya Premer-ligasida eng ko‘p to‘p kiritgan legionerga aylandi.
Ungacha bu rekord “Manchester Siti” tarkibida 184 ta gol urgan argentinalik yulduz Serxio Agueroga tegishli edi.
Premer-liganing umumiy to‘purari reytingida misrlik futbolchidan to‘rt nafar ingliz hujumchi – Endi Koul (187 gol), Ueyn Runi (208 gol), Harri Keyn (213 gol) va Alan Shirer (260 gol) o‘rin olgan.
Joriy chempionat hali yakunlanmagani va Muhammad Saloh yana ikki yil davomida Angliya Premer-ligasida to‘p tepishini inobatga olsak, 32 yoshli hujumchi kelasi mavsumning o‘zida Koul, Runi va Keyn natijasini yaxshilashi mumkin.
Fikrlar