
Mourino shogirdlarini kechirmadi. “Roma” asosiy tarkib o‘yinchilaridan voz kecha boshladi!
Joriy mavsumda kutilgan o‘yinni namoyish qila olmayotgan “Roma” tarkibida jiddiy o‘zgarishlar bo‘ladi.
Klub rahbariyati asosiy tarkib vakillaridan biri Jorden Veretuni yozda sotib yuborishni mo‘ljallamoqda. Aslida frantsiyalik yarim himoyachiga yangi shartnoma berilishi kutilgandi. Ayni paytda 2,5 million evro maosh olayotgan Veretuning o‘yini keskin pasayib ketganini inobatga olgan mutasaddilar unga yangi bitim bermaydigan bo‘lyapti.
Rim klubi bilan amaldagi shartnomasi 2024 yilning yarmigacha tuzilgan futbolchiga Angliyaning bir necha klublari ko‘z tikkan. Xususan, “Nyukasl” xo‘jayinlari “Nant” tarbiyalanuvchisi uchun xarajatga tayyor.
Jordan Veretu Angliya premer-ligasida o‘ynash tajribasiga ega. U 2015-2017 yillar davomida “Aston Villa” sharafini himoya qilgan. Bu futbolchi Rimga kelgunga qadar “Nant”, “Sent-Eten”, “Fiorentina” klularida o‘ynagan.
Tajribali yarim himoyachi o‘tgan yilning kuz oylarida ilk bor Frantsiya terma jamoasidan chaqiruv oldi va ikkita o‘yinda ishtirok etdi.
Reynolds Belgiyaga ketadi
Joriy mavsumda “Roma” safida atigi 91 daqiqa o‘ynagan amerikalik himoyachi Brayan Reynolds Evropada qoladigan bo‘ldi.
21 yoshli futbolchiga Belgiyaning ikki klubi – “Bryugge” va “Anderlext” da’vogarlik qilayotgan edi. Rim klubiga “Anderlext” taklifi ma’qul keldi.
Deyarli hal bo‘lgan transfer kelishuviga ko‘ra, Reynolds mavsum oxiriga qadar bu klubda ijarada o‘ynaydi. Rimliklar belgiyaliklarga o‘yinchini keyinchalik sotib olish huquqini bermadi.
Joze Mourinoni inonchini oqlay olmagan yosh futbolchi agar Evropadan klub chiqmasa, AQSh chempionatiga qaytib ketishni rejalashtirayotgan edi. Chunki u “Roma”ga kelgunda qadar “Dallas” klubining etakchi o‘yinchilaridan biri sifatida muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lgan.
“Roma” mashhur futbolchiga og‘iz solmoqda
Rim klubi “Arsenal”dan Eynsli Meytlend-Naylsni ijaraga olishni uddalaganidan keyin “kanonirlar”ning yana bir yarim himoyachisi Granit Jakani ham A Seriyaga taklif qilmoqda. Klub sport direktori Tyagu Pinto “Portu” vakili Serjiu Oliveyra transferi bo‘yicha ishni muvaffaqiyatli uddaladi va endi yana “Arsenal” tomon yo‘l oladi.
Aslida Joze Mourino “Roma”ni qabul qilib olishi bilan Granit Jakani chaqirgandi, biroq “bo‘rilar” bu transferni uddalay olmadi.
O‘tgan yozda Granit Jaka “Arsenal” bilan kelishuvini uzaytirgan edi. Shunga qaramay, londonliklar shveytsariyalik futbolchi bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqishga tayyor. Bundan Mourino unumli foydalanib, tajribali ijrochini o‘z shogirdlari safiga qo‘shib olmoqchi.
Jaka joriy mavsumda Angliya premer-ligasida atigi 10 ta uchrashuvda ishtirok etdi, biroq samarali harakatlarni amalga oshira olgani yo‘q. Tobora asosiy tarkibdan uzoqlashib borayotgan 30 yoshli futbolchining o‘zi ham ko‘proq o‘yin amaliyoti ilinjida boshqa jamoaga o‘tishga qarshi emas.
Shveytsariya terma jamoasi a’zosi “Arsenal”ga 2017 yili kelgan. Ungacha Granit to‘rt mavsum davomida Myonxengladbaxning “Borussiya” klubi sharafini himoya qilgan.
“Inter”ning taklifi o‘tmadi
“Inter” mutasaddilari urugvaylik yarim himoyachi Matias Vesinoni “Roma”ga taklif qilgan edi. Rimliklar 31 yoshli futbolchini transfer qilishni istamadi.
Poytaxt klubi maydon markaziga “Portu” vakili Serjiu Oliveyrani olib kelishga qaror qildi. Shu bois, rimliklar Matias Vesinoning xizmatlariga ehtiyoj yo‘q, deb hisoblamoqda.
Matias Vesino joriy mavsumda 12 marotaba maydonga tushib, bitta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
Fikrlar
алмаштириш керак, у қариб саал мийяси айниб қолдиёв,мағлубиятда жамоа эмас, мураббий айбдор,