
Mourino “Roma” hujumchilarini keskin tanqid qildi, endi Shomurodovga o‘yin berish kerakdir?
Italiya chempionatining 13-turida “Roma” futbolchilari poytaxt derbisida “Latsio”dan mag‘lubiyatga uchrab, Chempionlar ligasiga yo‘llanma beruvchi kuchli to‘rtlikni tark etdi va hozircha oltinchi o‘ringa tushdi.
Derbidagi mag‘lubiyat Joze Mourinoga yomon alam qildi. Portugaliyalik qo‘l ostida “bo‘rilar” yuqori o‘rinlar uchun kurashdagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobatchilarining aksariyatidan qaqshatqich zarbaga uchramoqda.
Poytaxtliklar o‘z hamshaharlaridan tashqari “Napoli”, “Atalanta”ga yutqazdi, “Yuventus” bilan durang o‘ynab, ochko yo‘qotdi. Rimliklardan bir ochko kam jamg‘argan “Udineze” Ruy Patrisio darvozasiga javobsiz to‘rtta gol kiritib, “Roma”ni nokautga tushirdi.
Joze Mourino shogirdlari yuqori o‘rinlar uchun kurashayotgan jamoalardan faqatgina “Inter”ni taslim qila oldi xolos.
Tabiiyki, portugaliyalik mutaxassis odatiga ko‘ra, boy berilgan o‘yinlarning aksariyatida hakamlarni aybladi.
“Latsio”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvdan keyin Mourino o‘z o‘yinchilarini ham tanqid qildi.
Bu bahsda raqib kam o‘ynab, ko‘p himoyalanishga e’tibor qaratdi. Hissiyotlar juda ko‘p bo‘ldi. Paulo Dibala va Lorentso Pellegrini kabi asosiy o‘yinchilarimizsiz golli vaziyatlarimiz ham bo‘lmadi.
Gol o‘tkazib yubordik. Jamoaviy o‘yinimiz kutilganidek bo‘lmadi. Hujumchilarimizning birortasi individual duellarning birortasida raqibini yutolmadi, - dedi Joze Mourino.
Darhaqiqat, Joze Mourino ayrim futbolchilarga qattiq suyanib qolgan va tarkibni rotatsiya qilishni istamayapti. To‘liq tiklanishga ulgurmay maydonga tushayotgan o‘yinchilar bir necha marotabadan jarohat olmoqda.
“Latsio”ga qarshi bahsda rimliklarning hujumlarini boshlab beradigan etakchi figura Lorentso Pellegrini jarohatlandi. Shikastlanish ancha jiddiy bo‘lib chiqdi. Tibbiy ko‘rik jamoa sardori bu yil o‘ynay olmasligini ko‘rsatdi. Qolaversa, bu joriy mavsumda Lorentsoning uchinchi jarohati.
Xuddi shunday, Nikolo Dzanolo, Temmi Abraxam ham bir safdan chiqqan o‘yinlar bo‘lyapti. Angliyalik hujumchining formasi talab darajasida emasligi ko‘rinib turgan bo‘lsa-da, Mourino uni muntazam asosiy hujumchi sifatida maydonga tashlamoqda.
Andrea Belotti mavsumoldi yig‘inida qatnashmagani bois hali ham yuqori sport formasiga chiqa olgani yo‘q, lekin u ham muntazam o‘z imkoniyatini olyapti.
Mavsumoldidan ham, chempionat boshlanganidan beri ham tayyorgarligi maromida ekanini namoyish qilayotgan Eldor Shomurodovga negadir Mourino etarli imkoniyat bermayotgandek ko‘rinmoqda. Xususan, “Latsio”ga qarshi bahsda ham legionerimiz zaxirada qolib ketdi. Joze Stefan El-Shaaravi va Andrea Belottini o‘ynatishga qaror qildi. Natijadan ma’lumki, ular ham jamoani mag‘lubiyatda qutqara olmadi.
Ochig‘ini aytish kerak, ko‘pchilik qishki transferlar davrida Shomurodov “Roma”dan ketishi kerak, degan fikrni ilgari surmoqda. Chunki avgustdan beri atigi 85 daqiqaga o‘yinga tushirilgan o‘yinchini vaziyatdan qoniqish hosil qilyapti, deyish noo‘rin bo‘lsa kerak.
Eng qizig‘i esa, Joze Mourino formada bo‘lmasa ham, gol urolmasa ham, jarohat olsa ham, tanqidga uchrasa ham doim bir xil hujumchilarga tayanishdan tiyilmayapti...
Legionerimiz Rossiyaga qarshi o‘yinga munosabat bildirdi
Legionerimizning goli rekord o‘rnatdi, medalni naqd qildi va chempionlik imkoniyatini saqlab qoldi!
Mourino Abraxamdan Shomurodovning ishini takrorlashni talab qildi!
Legioner hujumchimizning kelajagi mavhum bo‘lib qoldi!
Fikrlar