
Mourino bitta qo‘ng‘iroq bilan katta transferni hal qildi!
“Manchester Yunayted” rahbariyati yozda jamoa bilan shartnomasi yakunlanadigan o‘nga yaqin futbolchilarning birortasiga yangi bitim bermaslikka qaror qilgan. Ketadiganlar orasida Jessi Lingard ham bor.
Aslida manchesterliklar hujumkor futbolchiga bir necha marotaba yangi shartnoma taklif qilgandi. Lekin Jessi etarli darajadagi o‘yin amaliyoti kafolatlanmagani uchun hamkorlikni uzaytirishdan bosh tortdi.
Lingard singari mahoratli charm to‘p ustasini o‘z safida ko‘rmoqchi bo‘lgan klublar kam emas. Angliyadan o‘zidan “Vest Xem” va “Nyukasl” kabi o‘z oldiga jiddiy maqsadlarni qo‘ya boshlagan klublar da’vogar.
Italiya chempionati vakillaridan “Yuventus” va “Milan” tajribali o‘yinchini o‘z safiga qo‘shib olishga tayyor.
Biroq, transferlar atrofidagi vaziyatlarni kuzatib borayotgan tahlilchilar Jessi Lingardni olishda “Roma”ning imkoniyatini yuqori baholamoqda. Manbalarning ma’lum qilishicha, bunda rimliklarga Joze Mourinoning ta’sir doirasi kuchliligi qo‘l kelmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, portugaliyalik mutaxassis Lingardgan shaxsan telefon qilib, uni “Roma”ga o‘tishga ko‘ndirgani aytilmoqda.
Bundan tashqari, Mourino o‘yinchining fikri o‘zgarib qolmasligi uchun Jessidan muntazam tarzda xabar olib turgani aytilmoqda.
Jessi Lingard Joze Mourino “Manchester Yunayted”ni boshqargan davrda uning qo‘l ostida o‘ynagani va ular do‘stona munosabatlarni saqlab qolgani ham bu transferni amalga oshirishda muhim omil bo‘ladi.
“Roma” Lingardga 4+1 shaklidagi shartnoma va jamoadagi eng katta maoshlardan birini taklif qilyapti.
Kristante: Bu turnirni yutmasak bo‘lmaydi
“Roma”ning 27 yoshli yarim himoyachisi jamoasining Konferentsiyalar ligasi yarim finaliga chiqqaniga munosabat bildirdi.
- Konferentsiyalar ligasini bu mavsumdagi eng muhim turnirlardan biri sifatida qabul qilganmiz. Jamoa yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi va orzumizdagi sovrin uchun yana bir qadam yaqinlashdik.
Har bir uchrashuvga 100 foiz diqqat-e’tibor bilan tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Hech narsa bizni chalqitishi kerak emas. Mavsum oxirigacha kurashuvchanlik ishtiyoqini saqlab turishimiz kerak bo‘ladi.
Buning yagona yo‘li diqqatimizni bir joyga jamlab, turli eyforiyalarga berilmaslik. Qolaversa, “Olimpiko” arenasidagi ajoyib muhitda o‘ynash, bizga doim kuch beradi, - dedi Brayan Kristante.
Kristante joriy mavsumda barcha turnirlarda 42 ta uchrashuvda qatnashib, o‘z hisobiga uchta gol va ikkita assist yozdirib qo‘ydi.
Veretu yurtiga qaytib ketadi
“Roma” yarim himoyachisi Jordan Veretuning “bo‘rilar” safidagi faoliyati oxiriga etgan ko‘rinadi.
Agar tomonlar mavsum oxiriga qadar amaldagi shartnomani uzaytirmasa, klub rahbariyati tajribali futbolchini yozda sotib yuborishiga to‘g‘ri keladi. Veretuning hozirgi shartnomasi yakunlanishiga hali ikki yil bor.
Lekin klub mutasaddilari hamkorlikni uzaytirish bo‘yicha hali hech qanday taklif bergani yo‘q.
Veretuga yaqinda “Napoli” qiziqish bildirgandi, lekin ish rasmiy taklifgacha etib bormadi. Ayni paytda frantsiyalik futbolchi o‘z yurtiga qaytib ketishi mumkinligi aytilmoqda. Unga “Marsel” klubidan chorlov bor.
Bu transfer amalga oshishi uchun marselliklar 20 million evro atrofida mablag‘ sarflashi kerak bo‘ladi.
Veretu bu mavsum 41 ta uchrashuvda to‘rtta gol va o‘nta assist muallifi bo‘ldi.
Fikrlar