
"Moliyaviy ishlar uchun javob bermayman, men hammasiga tayyorman" - Vitaliy Levchenko
“Neftchi” klubi safarda “Surxon”ga qarshi uchrashuvda 0:0 hisobida durang o‘ynadi. Bellashuvdan so‘ng farg‘onaliklar ustozi Vitaliy Levchenko matbuot anjumanida savollarga javob berdi.
- Vaziyatlardan foydalanilmagan o‘yin. Chunki birinchi taymdagi imkoniyatlarimizdan foydalana olganimizda o‘ylaymanki, o‘yin sur’ati boshqacha tus olardi va barchasi boshqacha bo‘lardi. Bunday vaziyatlarda qanday qilib gol urmaslik mumkin?! Tushunmayman! Qanday qilib darvozaga to‘p kirmadi? Bahs ko‘proq pozitsion o‘yinga aylandi. Kurashlarga boy o‘tdi va g‘alaba qozonishga xohish ko‘proq bo‘ldi. Lekin g‘alaba qozonishga ozgina etmadi.
- Chempionat tugashiga ikkita tur qoldi. “Neftchi”ni sovrinli o‘rinlar uchun qanday imkoniyati bor?
- Biz kurashyapmiz. Qo‘limizni tushirganimiz yo‘q. Har bir tur, har bir ochko oltinga teng. G‘alabalar turnir jadvalidagi holatni o‘zgartirib yuborishi mumkin. Biz kurashamiz. Boshimizni egmaymiz, keyingi uchrashuvga tayyorlanamiz va g‘alaba uchun o‘ynaymiz.
- Yil boshida Farg‘ona viloyati hokimi sizga chempionlik vazifasini qo‘ygandi. Ammo bilamizki, “Neftchi”da anchadan beri moliyalashtirish bo‘yicha muammolar bor? Bu chempionlik uchun kurashda jamoaga qanchalik ta’sir o‘tkazdi?
- Juda yaxshi savol bo‘ldi. Ammo men bu savolga javob berishni istamayman. Bu mening ishim emas. Men murabbiyman, o‘z ishimni qilyapman. Moliyaviy ishlar uchun javob bermayman.
- U holda klubga chempionlik uchun kurashda nima etishmadi?
- Chempionlikka kurashish uchun hamma narsa Shveytsariyadek bo‘lishi kerak. Shveytsariya soatidek ishlash kerak. Hammasi aniq ishlashi lozim. Tizim bo‘lishi, har bir odam o‘zi uchun javob berishi va albatta hammasi barqaror bo‘lishi darkor. Shunda bir narsa deyishim mumkin. Unday emas ekan, biror nima deya olmayman. Biz kurashyapmiz, deyishim mumkin.
- “Surxon”da ham, “Neftchi”da ham vaziyatlardan foydalanishda muammolar bor. Umuman, “Neftchi” hujumda zo‘r o‘ynaydi. Buni statistikada ham ko‘rsa bo‘ladi. Nsungusuning yo‘qligi bugungi natijaga, o‘yinga ta’sir qildimi?
- Jamoani natijasiga bog‘liq emas. Lekin u jangovar hujumchilardan biri. Jamoaviy o‘yin qurishda u ahamiyatli rolga ega. Ammo har qanday futbolchining yo‘qotilishi o‘z so‘zini aytadi. Aynan bugun u bizga etishmadi, balki. Uning o‘rniga maydonga tushgan yigitlarga ishongandik va bor mahorati hamda kuchini beradi, deb o‘ylagandik. Kerakli natijaga erishishni ko‘zlagandik.
- Bizdagi ma’lumotga qaraganda, sizga Superligani bir nechta klublari qiziqishmoqda. Keyingi yili “Neftchi”da qolishingizga qanday qaraysiz?
- Juda qiziq savollar beryapsiz. Takrorlayman, men o‘z ishimni qilmoqdaman. Bundan rozilar bor va rozi bo‘lmaganlar ham bor. Jamiyatlar bor, kimgadir nimadir yoqadi, nimadir yoqmaydi. Men hammasiga tayyorman. Chunki men bu sohada yangi odam emasman, to‘g‘ri tushunaman. Har bir kursi qimirlaydi. O‘rningdan turib javob bersang o‘rningni yo‘qotasan. Shu bois jamoani o‘tirib boshqaraman (kuladi).
- Chempionat tugashiga bir oy qoldi-ku!
- Bir oy emas, ikkita o‘yin qoldi. Oldinda FIFA kunlari bor. Qaysidir jamoalar tanaffusga chiqadi, qaysidir jamoalar tayyorgarlikka kirishishadi. Yana qaysidir o‘yinchilar terma jamoalarga chaqiriladi. Bizning vazifamiz yaxshi tayyorgarlik ko‘rish va chempionatni munosib tugatish. Qo‘limizni tushirmaymiz va kelajakka optimal ravishda qaraymiz.
- “Andijon”ni sizga qiziqayotgani rostmi? “Istiqlol” klubi bilan Osiyo Chempionlar ligasida yaxshi ishlaganingizni bilamiz. U erga qaytishni xohlaysizmi?
- “Istiqlol”gami? Ular qaytishimni xohlashyapti (kuladi). Albatta, har bir sportchi va murabbiyni maqsadlari bor. OChLda o‘ynashni istaydi. Men “Neftchi” bilan u erda bo‘lishni xohlardim. Lekin afsus bunday bo‘lmadi.
Fikrlar