Mirsodiqov, Shatskix va boshqalar Nikolay Shirshovni qanday xotiralar bilan eslashdi yoxud marhum so‘nggi intervyusida nimalar degandi?

  • 29 dekabr, 2021, 19:21
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘lim haq! Barchamiz vaqtiki kelib bu foniy dunyodan ketamiz. Ammo kim qachon, bunisi yolg‘iz Yaratganga ayon.

Tecno

Futbol ichida yashab, ijod qilib, ko‘plab turli maqolalar, suhbatlar yozdik. Lekin kimnidir vafoti haqida yozish chindan ham og‘ir va qayg‘uli. Kecha tarqalgan xabardan hammamiz hayron qoldik. O‘sha siz bilgan Nikolay Shirshov endi oramizda yo‘q!

“Rostov” klubi matbuot xizmati tomonidan yozilgan xabarga ko‘zim tushishi bilanoq biroz o‘yga toldim. Shunchaki, nahotki, degan so‘z xayolimga kelardi xolos. Ha, qanchalik og‘ir bo‘lmasin Nikolay Shirshov vafot etdi va buni qabul qilishimiz kerak.

U hali 50 yoshni ham ko‘rmagan, endi 47 ni bosib o‘tayotgandi. Nikolay Vladimirovichni ko‘proq yoshi ulug‘ muxlislarimiz yaxshi eslashadi. Aslida u barchaga taniqli, faqat o‘yinlarini hozirgi yosh avlod ishqibozlari yaxshi eslay olmasalar kerak, yana bilmadim.

“Rostov” klubidagi yorqin o‘yinlari orqali rossiyaliklar uchun ham ajoyib o‘yinchi edi. Shuning uchun Shirshovning o‘limi haqidagi xabar xuddi bizdagi kabi Rossiya matbuotida ham yashin tezligida tarqalib ketdi. “Paxtakor” hamda O‘zbekiston milliy terma jamoasidagi o‘yinlarini eslaymiz. Chap qanot yarim himoyasida o‘z hukmronligini o‘rnatgan chinakam etakchi edi. 2000-2005 yillar mobaynida “Rostov” sharafini himoya qildi va jamoa sardoriga ham aylangandi.

shirshov

Uning vafoti tabiiyki, o‘zbek futboli jamoatchiligini ham qattiq qayg‘uga solib qo‘ydi. Chunki bunday kutilmagan xabarni qabul qilish ham og‘ir kechgani rost. O‘z vaqtida Shirshov bilan “Paxtakor”da va terma jamoada birga faoliyat olib borgan mutaxassislar marhum haqidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashdilar.

Rustam Mirsodiqov

- Shirshovni otasi ham futbolchi bo‘lgan va yaxshi o‘yinchi edi. Shuning uchun Nikolay ham futbolchi bo‘lib etishgandi. Faoliyatini “Traktor”da boshlagan. Keyin uni “Paxtakor”ga o‘zimiz taklif qilgandik. 1996 yili Bahodir aka Ibragimov milliy terma jamoani boshqargandi. O‘shanda Shirshov yosh edi. Futbolchini jamoaga taklif qilganimizda u paytlarda shartnoma, ko‘tarma pullari degan narsalarga jiddiy e’tibor berilmasdi. Birinchi navbatda futbolchining odamgarchiligi, insoniylik fazilatlariga qaraganmiz. Nikolay maydonda ham, hayotda ham juda tartibli inson edi. Ba’zi futbolchilarga bir so‘m taklif qilsangiz, 10 so‘m so‘rashadi, lekin Shirshov unday emasdi. O‘sha kezlarda Nikolayning yonida Stanislav Morgulis, Andrey Akopyants kabilar bor edi va bular barchasi do‘st bo‘lishgan. Ular hayotda ham birga edilar. Akopyants ikkalasi “Paxtakor”dan “Rostov”ga ketishgandi.

Meni yoshim 70 ga yaqinlashyapti, u esa hali 50 ga ham to‘lmagandi. O‘z qo‘limda o‘ynagan. Albatta, Shirshovning vafoti haqidagi xabarni eshitgan zahoti ichimdan ezildim, xafa bo‘lib ketdim. O‘limiga nima sabab bo‘lganini hali bilmaymiz. Joyi jannatda bo‘lsin. Oila-a’zolariga, bolalariga sog‘liq va hamdardlik tilayman.

Abduqahhor Ma’rufaliev

- Nikolay Shirshov “Paxtakor”ga bizdan keyin kelgandi, o‘shanda o‘rinbosarlar safiga qo‘shilgandi. U paytda ancha yosh bola edi. Ammo o‘z ustida doim ishlardi. Mehnati bilan yaxshi futbolchi bo‘lib etishgandi. To‘g‘risini aytsam, Nikolay nihoyatda kamtar bola edi. Mehnatdan qochmasdi. Biz Shirshov bilan “Paxtakor”da ham, milliy terma jamoada ham birga o‘ynaganmiz. Toshkentda BAA terma jamoasiga 2:3 hisobida yutqazib qo‘ygandik. O‘sha uchrashuvda men unga pas bergandim va Shirshov gol urgan. Keyinchalik men boshqa jamoaga ketdim, u “Paxtakor”da qoldi va yana bir necha yil u erda o‘ynadi. Shundan so‘ng, Akopyants ikkalasi “Rostov”ga ketishdi. Intervyu berganida meni ham eslab o‘tgan ekan. Juda yaxshi, odobli va kamtar yigit edi. Uning o‘limini eshitishim bilanoq shok holatiga tushib qoldim. Yaxshi oilasi bor edi. Menimcha, ukasi ham futbolchi bo‘lib, u darvozabon edi.

Shuhrat Maqsudov

- O‘g‘lim bilan birga o‘tirgandim. U telefonidan ko‘rib, “dada Nikolay Shirshovni bilarmidingiz”, deb qoldi. Nega bilmas ekanman, birga o‘ynaganmiz, deb javob bersam, o‘sha o‘yinchi vafot etibdi, dedi. Bilasizmi, shu gapni eshitgach, g‘alati bo‘lib qoldim. Mendan yosh edi. 1974 yilda tug‘ilgandi. Shirshov bilan juda yaqin edim. Hatto, uning oilasi bilan munosabatlarimiz yaxshi bo‘lgani uchun o‘zaro oilaviy bordi-keldilarimiz ham bor edi. Yumshoq xarakterli, hech kim bilan janjallashmasdi. Lekin maydonda haqiqiy jangchi edi. Hayotda esa muloyim inson bo‘lgan. Og‘zidan yomon gaplar chiqmasdi. U bilan “Paxtakor”da ham, terma jamoada ham birga o‘ynaganmiz. Safarlarga borganimizda Nikolay bilan bir xonada istiqomat qilardik. Nima deymiz? Hayot shunaqa ekan-da. U haqda faqat iliq fikrlar bildira olaman. Albatta, juda ham qayg‘udamiz. Ammo bu Allohning xohishi, o‘lim haq. Aniq sanasini bilmadim-u, biroq qachondir nomerimni topib menga qo‘ng‘iroq qilgandi. O‘shanda ancha suhbatlashgandik. Oxirgi suhbatimiz shu bo‘lgan.

Ja’far Irismetov

- Nikolay Shirshov haqidagi xabarni ko‘rishim bilan g‘alati bo‘lib ketdim. Xudo yaqinlariga sabr bersin, yosh edi. Lekin o‘lim yosh tanlamaydi. Yaxshi bir inson oramizni tark etdi. Ajoyib futbolchi bo‘lishdan tashqari ajoyib inson ham edi. Hamma futbol muxlislari uning qanday o‘ynaganini bilishadi. Bu kabi insonning oramizni tark etishi futbol olami uchun og‘ir. Nikolay bilan birga juda ko‘p to‘p surmagan bo‘lsam ham terma jamoada o‘ynaganmiz. Uni faqat yaxshi tomonlama eslay olaman. Hattoki, og‘zidan so‘kinish chiqqanini eshitmaganman. Aqlli edi. U kuchli futbolchi bo‘lgan. Hozirgi paytda unga o‘xshaganlar juda kam. O‘limini eshitishim bilanoq milliy terma jamoada qaysidir uchrashuvda menga golli pas uzatgani yodimga keldi. Xuddi o‘sha o‘yin kecha bo‘lgandek.

Pavel Bugalo

- Do‘stimiz, yaqinimiz, mehribon va yorqin inson hayotdan ko‘z yumdi. Uning tomiri uzilib ketdi va yurak urishdan to‘xtadi. Lekin u hamisha bizning qalbimizda. Kolyaning oxirati obod bo‘lsin.

Maksim Shatskix

- Birinchi navbatda Shirshovning rafiqasi Natashaga chuqur hamdardlik bildirib qolaman, farzandlari, qarindoshlari va do‘stlariga ham. Uning yotgan qabri yumshoq bo‘lsin. Men uni quvnoq, davrlarning “guli” bo‘lgan yigit hamda futbolchi sifatida juda zo‘r ijrochiligi orqali bir umr yodimda saqlab qolaman. Uning farzandlari shundoq ko‘z o‘ngimda voyaga etishgan. Ayni chog‘da bunday og‘ir yo‘qotishni eshitib, nimadir deyishga so‘z ham topa olmasdan qiynalyapman. Eng asosiysi, u haqiqiy inson bo‘lgan. Yotgan qabri uning uchun nurga to‘lsin.

shirshov3

Shirshov bilan yaqin bo‘lmasak-da, lekin qisman tanish edik. Chunki o‘tgan yili Sports.uz uchun Nikolay bilan suhbatlashgandik. O‘shanda u bizning taklifimizga ikkilanishsiz rozi bo‘lgandi va O‘zbekistonni sog‘ingani so‘zlaridan bilinib turardi. Ammo o‘sha suhbat oxirgisi bo‘lib qolganini umuman o‘ylamagandik. Chunki Shirshov bilan yana suhbatlashish niyatimiz bor edi. O‘tgan yilning 20 oktyabr kuni saytimizda chop etilgan maqoladan Shirshovning ayrim aytgan gaplarini keltirib o‘tmoqchimiz.

"Albatta, meni hamon eslab turishgani uchun o‘zbekistonlik futbol ishqibozlariga katta salom yo‘llayman! Darhaqiqat, O‘zbekiston bilan bog‘liq menda juda yaxshi taassurot, xotiralar qolgan. Axir men o‘sha erda tug‘ilib katta bo‘lganman va futbol o‘ynashni boshlaganman. Futbolchilik hayotimdagi eng yorqin damlar esa bevosita terma jamoa ishtirokidagi o‘yinlar bilan bog‘liq. Kiritgan barcha gollarim, murabbiylar shtabida kimlar ishlagani va kimlar bilan to‘p surganimni juda yaxshi eslayman.

Rostini aytsam, bu masalada javob qaytarishim qiyin. Chunki o‘ynayotgan chog‘larimda bu haqda o‘ylamasdim. Agar ikkala jamoaga chetdan nazar tashlansa, ikkisi ham yomon o‘yin namoyish etmagan. Ikkala terma jamoa ham juda yaxshi ko‘rinadi. O‘zim to‘p surgan kezlarda jamoa ichi va uning atrofida nimalar yuz berayotganini doim bilib turardim. Yana shuni qo‘shimcha qilmoqchimanki, xotiramda saqlanib qolgan o‘yinlar bu terma jamoa libosidagi o‘tkazgan barcha bellashuvlardir. Aytishim kerakki, o‘yinchi sifatida eng oliy maqsadim jahon chempionatida to‘p surish edi. Baxtga qarshi men o‘ynagan kezlarda mundialga chiqishga oz qolganiga qaramay, buning iloji bo‘lmagan. Umid qilamanki, endi bugungi terma jamoa uzoq yillardan beri armon bo‘lib kelayotgan jahon chempionati final bosqichi yo‘llanmasiga ega chiqib, millionlab muxlislarni benihoya quvontira oladi", - degandi Shirshov.

shirshov2

Biz u bilan suhbatdan parcha keltirdik va ko‘rib turganingizdek, milliy terma jamoamizning jahon chempionatiga chiqishini juda istaganini yashirmagan. Afsuski, Nikolay Shirshovga ham bu kunlarni ko‘rish nasib qilmadi. Biz o‘zbek futboliga katta hissa qo‘shgan Shirshovni unutmaymiz!  

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Мехриддин Абдурахмонов
29/12/2021 23:11
Эх Ширшов.