
Mirjalol Qosimov: Jo‘jani kuzda sanaymiz...
Bugun Olmaliqda AGMK klubi Superliga yangi mavsumining ilk turi doirasida "Lokomotiv"ni mehmon qildi. O‘yin mezbonlarning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
O‘yindan so‘ng AGMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov saytimiz xodimlariga uchrashuv haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
"Avvalambor, yangi mavsum boshlangani bilan hammani tabriklayman. Chempionatni boshlash har doim hayajonli bo‘ladi. Biz o‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan edik va g‘alaba qozonganimizdan xursandmiz. O‘zingiz guvoh bo‘lganingizdek, tezkor goldan keyin "Lokomotiv" a’zolari yaxshiroq harakat qilib, to‘p nazoratini qo‘lga olishdi. Ularda to‘p bilan muomala qilish borasida yaxshi futbolchilar bor. Albatta, ular bundan unumli foydalanishdi va bu o‘z samarasini berdi. Ikkinchi bo‘limga esa yaxshi kayfiyatda tushdik va o‘ylaymanki, bizning jamoa "Lokomotiv"ga qaraganda yaxshiroq o‘ynadi hamda haqli ravishda g‘alabani qo‘lga kiritdi".
- 2 jarohat haqida nima deya olasiz? Bu jamoaga qay darajada ta’sir qiladi?
"Futbol juda ko‘p jarohatlar bo‘ladigan sport turi. Nafaqat o‘yinda, balki mashg‘ulotlarda ham. O‘tgan yili 5 tagacha o‘zgarishlarga ruxsat berilgan edi, bu yil bunday emas. Birinchi o‘yinni birinchi bo‘limidayoq 2 ta futbolchimiz jarohat oldi. Bu juda yomon. Men mavsumning qolgan qismidan ko‘ra o‘yinning qanday yakun topishi haqida qayg‘urdim. Sababi, chempionat boshlanishiga hali jismonan 100% tayyor emasmiz. 1-2 ta o‘yin o‘tkazib, moslashib olishimiz mumkin.
Jarohatlar jamoaga jiddiy ta’sir qiladi, lekin bizda futbolchilar etarlicha. Ular bir-birining yo‘qligini bildirmaydi. Sardor oyog‘idan jarohat oldi, meni xavotirga qo‘ygan narsa - Botiralining jarohati. U jarohat payti nafaqat shokka tushib qoldi, balki miyasi ham chayqaldi. Sababi Qodirqulov tizzasi bilan uning boshiga urilib ketdi, lekin buni ko‘pchilik ko‘rmadi. Shifokorlar unga to‘g‘ri muolaja qo‘yib, tuzalishiga yordam beradi degan umiddaman".
- Mavsum boshida har bir jamoa o‘z oldiga maqsad qo‘yib oladi, kimdir chempionlikni, kimdir shunchaki g‘alabani ko‘zlaydi. AGMKning oldiga qo‘ygan maqsadlari qanaqa?
"Menimcha, maydonga hech kim yutqizamiz deb chiqmaydi. Yutishga harakat qilinadi va yutiladi. Lekin hamasi maydonda hal bo‘ladi, albatta bu omadga ham bog‘liq".
- Avvalgi mavsumldarda "Paxtakor" boshqa klublarga nisbatan favoritroq sifatida e’tirof etilar edi. Bu mavsum esa unday emas. Si bu haqida qanday fikrdasiz, teng kuchli jamoalar bormi?
"Albatta, bor. "Navbahor" va "So‘g‘diyona" o‘z jamoasini saqlab qoldi. "Qo‘qon" ham yaxshi holatda. Menimcha, "Paxtakor" ham juda yomon holatda emas. Masharipov ketdi, o‘rniga Sardor Rashidov olindi. Sergeev ham ketdi. Aytishadiku, "jo‘jani kuzda sanaymiz" deb. Shuning uchun xulosa chiqarishga shoshilmaymiz. Hamma narsa bo‘lishi mumkin. Biz esa bor e’tiborimizni maydonga kelgan muxlislarning ishonchini oqlashga qaratishimiz lozim. Rahmat!", - deydi Mirjalol Qosimov.
Fikrlar