
"Metallurg"da o‘zgarishlar: klubni tark etgan futbolchilar hamda yangi kelganlar ma’lum. Siz bilgan va bilmagan legionerlar ham bor
Bekobodning “Metallurg” klubi yangi yil arafasidagi qisqa yig‘inini yakunlaganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Kutilganidek, klubda yana o‘zgarishlar davom etmoqda. Yaqinda jamoa boshlig‘i Shavkat Saidov bilan bog‘langanimizda tarkibda yangiliklar bo‘lishini, legionerlar taklif etilayotganini aytgandi. Bu amalda ham o‘z isbotini topyapti. Qolaversa, klub matbuot xizmati ham ushbu yangiliklarni tasdiqladi.
Bir oylik tanaffusdan keyin “Metallurg”ning 2023 yilgi mavsum uchun ilk yig‘ini ispaniyalik murabbiylar ko‘rsatmasiga binoan mahalliy murabbiylar shtabi futbolchilarning jismoniy tayyorgarligini tiklash maqsadida jismoniy yuklamalarga katta e’tibor qaratishdi. Ma’lumot uchun, ispaniyalik murabbiylar 4 yanvar kuni etib kelishadi.
Shu o‘rinda jamoa tarkibida ham bir qator o‘zgarishlar yuz berganligini qayd etish lozim. Shartnoma muddati yakunlanganligi sabab klub himoyachilar Farruh Ibrohimov, Abbos Otaxonov, Anvar G‘ofurov, yarim himoyachi Ixtiyor Toshpo‘latov, hujumchilar Boburbek Farhodov, Jasur Xolto‘raevlar bilan xayrlashdi. Otaxonov “Buxoro”ga ketdi. G‘ofurov esa “Neftchi”ga. Toshpo‘latovga “Buxoro”dan qiziqish borligi ma’lum bo‘ldi.
Qolaversa, 2022 yili Qozog‘istonning “Ordabasi” jamoasiga ijaraga berilgan markaziy himoyachi Odilbek Abdumajidov qadrdon klubiga qaytdi. Odilbek to‘p surgan jamoa premer-ligada 5-o‘rinni band etdi. Qozog‘iston Kubogi musobaqasining g‘olibiga aylandi. Jamoaning mazkur yutuqlarida shubhasi Abdumajidovning ham ulushi katta bo‘ldi.
2023 yilgi chempionat arafasida “Metallurg” jamoaning o‘tgan yilgi o‘zagini saqlab qoldi. Darvozabonlar Aleksandr Lobanov hamda Akmal Ortiqovlar bilan shartnoma muddati uzaytirildi.
Himoya chizig‘ida Muhammadali Aliqulov, Abrorbek Toshqo‘zievlarga xorijdan qaytgan Odil Abdumajidov, “Qo‘qon-1912” jamoasidan taklif etilgan Ivan Yosovich hamda serbiyalik yana bir o‘yinchi Filip Stamenkovich yordam beradi.
Ma’lumot uchun shuni aytmoqchimizki, Stamenkovich serbiyalik bo‘lib, 1998 yilning 15 sentyabr sanasida tavallud topgan. U himoya pozitsiyasida to‘p suradi. Oxirgi klubi Rossiyaning “Veles” jamoasi hisoblanadi. Endilikda “Metallurg” sharafini himoya qiladi.
Shuningdek, O‘zbekiston fuqaroligiga ega, AGMK, “Qizilqum” jamoalaridagi ishtiroki orqali yaxshi tanish bo‘lgan himoyachi Vladislav Kasminin ham “Metallurg”ga o‘tdi. Bungacha Tojikistonning “Istiqlol” klubi sharafini himoya qilgan. Yana bir legioner - bosniyalik Kerim Palich bilan shartnoma muddati yana bir yilga uzaytirilganligi haqida saytimiz orqali birinchi bo‘lib ma’lumot berganmiz. Bu hali hammasi emas. o‘tgan yili “Neftchi” safida pro liga bahslarida qatnashib to‘purarlik mahoratini ko‘rsatgan serbiyalik hujumchi Marko Obradovich yangi mavsumda “Metallurg” sharafini himoya qiladi. Legioner futbolchilarning barchasi “Metallurg” tarkibiga yangi yil bayramidan keyin Bekobodda tashkil etiladigan ikkinchi yig‘in davomida qo‘shilishadi.
Jamoa bu yil ham asosiy tarkib o‘yinchilari Xudoyshukur Sattorov, Shahzodbek G‘ofurbekov, Ibrohim Ibragimov, Damir Temirov, Ergash Ismoilov, Behruz Shodmonovlar xizmatiga tayanadi. O‘zbekiston U-20 jamoasi a’zosi Shahzodbek Ne’matjonov, iste’dodli yoshlar Daler Sharipov, Nosir Abdusalomov, jarohatidan forig‘ bo‘lgan Asilbek Qayumovlarga ham ishonch katta. Bu pozitsiyada sog‘lom raqobatni yuzaga keltirish maqsadida “So‘g‘diyona”dan Abdujalil Manazarov hamda “Paxtakor”dan Rian Islomovlar taklif etildi. Darvoqe, kuni kecha Farhod Bekmurodov "Metallurg" bilan xayrlashganini e’lon qilgandi. Ammo hozircha bu haqida klub matbuot xizmati biror ma’lumot bergani yo‘q.
Hujum chizig‘ida shartnoma muddatini uzaytirgan Zabihillo O‘rinboevning “Metallurg” muvaffaqiyatlarida yordami katta bo‘lishiga shubha yo‘q.
“Metallurg”da yanvar oyida yana ayrim o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda. Bu xususida keyinroq to‘xtalamiz.
Fikrlar