"Metallurg"da ketma-ket uchinchi g‘alaba, "Andijon"da esa...

  • 28 sentabr, 2023, 09:13
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bu turda “Metallurg” klubi nominal mezbon sifatida “Andijon”ni Olmaliqdagi OKMK stadionida qabul qildi. Sababi esa Bekoboddagi stadion maydon chimi yangilanishi tufayli endilikda ular Olmaliqdagi arenadan foydalanib turadilar.

Tecno

Shuning natijasida “Metallurg” OKMK stadionida nominal mezbon sifatidagi ilk o‘yinini o‘tkazdi. O‘tgan turda har ikkala jamoa ham yoqimli g‘alabalarni qo‘lga kiritganini yaxshi bilasiz. Aleksandr Xomyakov boshchiligidagi “Andijon” mehmondagi bellashuvda ham muxlislarini g‘alaba bilan quvontirishni asosiy maqsad qilib qo‘ygandi.

met and3

Yodingizda bo‘lsa, birinchi davrada Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida o‘tkazilgan uchrashuvda “Andijon” “Metallurg”ni 5:0 hisobida dog‘da qoldirgandi. Bu hisob ikkala klubning o‘zaro uchrashuvlardagi eng yirik natijasi hisoblanadi.

Yana bir qiziq jihati shundaki, ikkala klub ham bir-biriga qarshi uchrashuvlarni boshqa stadionlarda o‘tkazishiga to‘g‘ri keldi. “Andijon” “Metallurg”ni Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida kutib olgan bo‘lsa, “Metallurg” andijonliklarni Olmaliqdagi OKMK arenasida qarshi oldi.

Bu safar o‘yin taqdirini ikkita gol hal qildi va ikkalasi nominal mezbon sifatida harakat qilayotgan bekobodliklar tomonidan kiritildi. Avvaliga “Andijon”ning sobiq hujumchisi Shahzod Ubaydullaev, tanaffusdan keyin esa zaxiradan maydonga tushirilgan Daler Sharipov raqib darvozasini ishg‘ol qildilar.

E’tiborlisi, “Metallurg” klubi ketma-ket uchinchi o‘yindirki g‘alabasini qo‘lga kiritmoqda. “Andijon”ni esa uchta o‘yindagi mag‘lubiyatsiz seriyasiga barham berildi. Aslida mehmonlar mag‘lubiyatga uchramasligi ham mumkin edi. Biroq Rubin Xebay, Shahboz Erkinov kabi hujumchilar o‘z imkoniyatlaridan foydalana olmadilar. Masalan, Erkinovning boshi bilan yo‘llagan zarbasini darvozaga kirib ketayotgan paytda “Metallurg” himoyachisi qaytarib qolishga ulgurdi. Aks holda natija boshqacha tus olishi ham mumkin edi.

met and1

“Metallurg”ning ushbu g‘alabasi uyushqoqlik, jamoaviy birdamlik hisobiga qo‘lga kiritildi, desak adolatli bo‘lardi. Ikkinchi davrada tarkib o‘zgargach, jamoa o‘yini ham ancha yaxshi tarafga o‘zgargani sezilib turibdi. Lekin ularga uch ochkoni qo‘lga kiritish oson kechgani yo‘q. Shunchaki, “Andijon” o‘z imkoniyatlaridan foydalanganida yuqorida ta’kidlaganimizdek, balki vaziyat o‘zgarib ketishi ham mumkin edi.

 “Metallurg” – “Andijon” – 2:0 (1:0).

27 sentyabr. “OKMK sport majmuasi”. 762 tomoshabin.

Hakamlar: Firdavs Norsafarov, Shoxnur Yo‘ldoshev, Jasur Rustamov.

VAR: Nayim Qosimov

AVAR: Nikita Afinogenov

Nazoratchi: Marat Ismoilov

Komissar: Diyor Hotamqulov

“Metallurg”: Akmal Ortiqov, Danial Maxini, Kerim Palich, Ergash Ismoilov (Ro‘ziboy Fayzullaev, 90+3), Muhammadali Aliqulov, Iskandar Shoyqulov (Behruz Shodmonov, 81), Abror Toshqo‘ziev, Sardor Abduraimov, Rizo Yazando‘st, Zabihillo O‘rinboev, Shahzod Ubaydullaev (Daler Sharipov, 61).

“Andijon”: Igor Litovka, Ildar Mamatkazin (Islom Mamatkazin, 70), Vladimir Bubanya, Abduvohid G‘ulomov, Ilhom Alijonov (Abdurahmon Komilov, 70), Levan Arveladze (Suhrob Berdiev, 58), Muhammadkarim Toirov, Farhod Bekmurotov, Sardor Azimov (Armin Boshnyak, 58), Farhod Sohibjonov, Rubin Xebay (Shahboz Erkinov, 58).

Gollar: Shahzod Ubaydullaev, 34 – 1:0. Daler Sharipov, 69 – 2:0.

Ogohlantirishlar: Abdurahmon Komilov, 73. Suhrob Berdiev, 78.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!