
"Meni bejizga taklif qilishmadi, shekilli, u erdan ko‘p xotiralar qoldi, kitob qilib yozsa bo‘ladi" - Bobur Yo‘ldoshev
Iqtidorli himoyachilardan biri Bobur Yo‘ldoshev kuni kecha “Bunyodkor” klubi bilan shartnoma imzoladi. Bunga qadar Bangladesh chempionatida faoliyat olib borgan legioner yana Superligaga qaytishga qaror qildi.
Yo‘ldoshev “Bunyodkor” a’zosiga aylangach, Sports.uz saytiga bu boradagi dastlabki intervyusini berdi.
- Boburjon siz endi "Bunyodkor" futbolchisiga aylandingiz. Superligaga qaytishingizni ko‘proq kim xohladi?
- Ko‘proq o‘zim, albatta. Chunki oxirgi qarorni o‘zim qabul qilaman.
- Nima uchun aynan "Bunyodkor"?
- Har tomonlama menga to‘g‘i keldi. Shuning uchun “Bunyodkor”ni tanladim. Albatta, bu klubni o‘ziga yarasha obro‘si va nomi bor. Bu ham “Bunyodkor”ni tanlashimga turtki bo‘ldi.
- Ma’lumki, birinchi davrada bu klub o‘z imkoniyati darajasida qatnasha olmadi. Hozirgacha o‘z darvozasidan eng ko‘p gol o‘tkazgan jamoa bo‘lib turibdi - 24 ta. Himoyachi sifatida bunga nima deysiz?
- Ha, deyarli hamma o‘yinlarini ko‘rib chiqdim. Meni bejizga taklif qilishmadi, shekilli. Qo‘ldan kelganicha yaxshilashga harakat qilamiz. Bunday hol barcha jamoa bilan sodir bo‘lishi mumkin. Bu kamchilik ustida ishlashimiz kerak.
- Sizni va Jo‘rabekovni bejizga taklif qilishmadi. Boisi, himoyani mustahkamlash asosiy vazifa. Chindan ham jamoaning himoyasi ancha zaifmi?
- Yo‘q, bunday demagan bo‘lardim. Hozirgi futbolda kerak bo‘lganda hamma himoyalanishi kerak bo‘ladi. Himoyachilargina emas, hamma pozitsiyalarda bir-biriga yordam bersa, shunda albatta ijobiy natija bo‘ladi, deb o‘ylayman.
- Bangladesh klubidan ketishingiz nima bilan bog‘liq bo‘ldi?
- Ko‘proq murabbiy almashgani bilan bog‘liq. Ular meni kutib turishimni so‘rashdi. Lekin ularni kutib vaqt yo‘qotishni xohlamadim.
- Yangi klubda qaysi raqamni tanladingiz va nima uchun?
- Hali tanlamadim. Nasib bo‘lsa, jamoa yig‘ilganidan keyin o‘ylab ko‘ramiz.
- “Bunyodkor” sira bunday vaziyatga tushib qolmagan. Klubdagi asosiy vazifangiz nima?
- Asosiy vazifa himoyani mustahkamlash, jamoaga yordam berish va Superligada saqlab qolish.
- Bangladeshda legioner sifatida to‘p surdingiz. U erdan qanday xotiralar qoldi?
- Ha, juda ko‘p xotiralar. Bemalol bitta kitob qilsa bo‘ladi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar