
Men o‘ynayman, zaxirada yoshlar o‘tirsin!
“Liverpul” himoyachisi Endi Robertson zaxira o‘yinchisi rolini qabul qilmasligini bildirdi. Arne Slot mavsum boshidan beri yozda “Bornmut”dan 40 million funtga transfer qilingan Milosh Kerkezga ishonch bildirib kelayotgan.
O‘tgan turda “Byornli” bilan bo‘lgan bahsda yosh himoyachi simulyatsiya uchun birinchi bo‘limda ogohlantirish oldi va keyingi epizodlardan birida maydondan haydalib ketishiga oz qolgandi. Arne Slot 21 yoshli futbolchini 38-daqiqadayoq zaxiraga olishga majbur bo‘ldi.
31 yoshli Robertson vaziyatdan foydalanib, maqsadini aytib o‘tdi.
- Men muntazam o‘ynash va chap qanotda asosiy himoyachi bo‘lishni istayman. Men o‘zim loyiq bo‘lgan yuqori darajani ushlab turishga harakat qilishim kerak.
Xalqaro tanaffus foyda qildi va Shotlandiya terma jamoasi safida 90 daqiqadan ikkita uchrashuv o‘tkazib, sport formamni yaxshilab oldim. O‘zimga ishonch ortdi.
Kerkez hali yosh, biz buni unutib qo‘yyapmiz. Sen yoshlarga yordam berasan, shu bilan birga ularning bosimini ham bartaraf etishingga to‘g‘ri keladi. Kelajakda Kerkez “Liverpul”ning asosiy chap qanot himoyachisi bo‘ladi, hozir esa men uning bosimini engishga qodirman va unga yordam berishim mumkin.
Milosh hali juda ko‘p mehnat qilishi va boshqalarning ta’siriga tushib qolmasligi kerak, - dedi Endi Robertson.
Fikrlar