Mbappe: "400 ta gol bilan odamlarni shokka tushirib bo‘lmaydi"
"Real" va Frantsiya terma jamoasi hujumchisi Kilian Mbappe klub va terma jamoa safida professional faoliyatidagi 399 va 400-gollarini urdi. Bu 2026 yilgi jahon chempionati saralashining 5-turidan o‘rin olgan Ukrainaga (4:0) qarshi o‘yinda sodir bo‘ldi.
"400 - bu odamlarni hayratda qoldirmaydi. Odamlarni shokka tushiradiganlar davrasiga kirmoqchi bo‘lsang, yana 400 ta gol urishing kerak. Ronalduning 1000 goli? Bu aqlbovar qilmas natija. Keling, ilojsiz narsalarga intilaylik, harakat qilish kerak. Bizda faqat bitta faoliyat bor", - deya Mbappening so‘zlarini keltiradi RMC Sport.
Frantsiyalik hujumchi 26 yoshida afsonaviy Peledan keyin futbol tarixida bu ko‘rsatkichga erishgan ikkinchi eng yosh futbolchi va 27 yoshgacha bo‘lgan ikkinchi futbolchi bo‘ldi.



Fikrlar