
Mbappe, Azmun, Pogba va boshqalar. Yozda erkin agentga aylanadigan futbolchilar ro‘yxati bilan tanishing!
2022 yilning 1 iyul sanasida bugun eslab o‘tadigan charm to‘p ustalarimiz boshqa istalgan klub bilan erkin shartnoma imzolash imkoniga ega bo‘ladi. Buning uchun 1-yanvardan ularda imkoniyat mavjud. Qonunlarga ko‘ra, ular yangi yilning birinchi kunidan boshlab muzokaralar o‘tkazish huquqiga ega. Xo‘sh, ular orasida siz va bizga yaxshi tanish futbolchilardan kimlar bor?
Kilian Mbappe
Klubi: PSJ
Transfer summasi: 160 million evro
Turli insayderlar bergan ma’lumotlarga suyanadigan bo‘lsak, frantsuz allaqachon "Real Madrid" bilan shartnoma imzolash borasida muzokaralar boshlagan. Parijliklar imkon qadar uni o‘z safida olib qolishga harakat qilishi aniq. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Mbappening agentlari PSJ bilan mijozi uchun juda qulay bo‘lgan shartnoma undirmoqchi. Voqealar rivojini kuzatamiz.
Pol Pogba
Klubi: "Manchester Yunayted"
Transfer summasi: 55 million evro
Ralf Rangnik "qizil iblislar" boshqaruvini endi qo‘liga olganiga qaramay, Pol bilan kichik janjal sodir bo‘ldi. Nemis mutaxassisi "Manchester Yunayted"dek klubda qolishni istamayotgan Pogbani hech ham tushuna olmayotganini yashirib o‘tirgani yo‘q. Mino Rayola esa, mijozidan yana bir necha million undirish imkoniyatiga ega. Umuman olganda, "Yunayted" va yarim himoyachi munosabatlari ancha chigallashib ketdi. Bu vaziyatdan esa, PSJ va "Yuventus" unumli foydalanib qolishi mumkin.
Paulo Dibala
Klubi: "Yuventus"
Transfer summasi: 50 million evro
Barcha argentinalikni yozdan beri turinliklar bilan bitimni uzaytirishi haqida yozadi, ammo amalda hech narsa bo‘lgani yo‘q. Tomonlar bonus va maosh borasida kelisha olmayapti. Katta ehtimol bilan muzokaralarning final qismi yanvar oyida bo‘lib o‘tadi. Hozir ancha murakkab vaziyatdagi "Yuventus"da Paoloni juda ham qolgisi kelayotganiga ishonish mushkul.
Usmon Dembele
Klubi: "Barselona"
Transfer summasi: 50 million evro
Ispan nashrlarining xabar berishicha, Dembele klubi bilan yangi 5 yillik shartnomaga imzo chekishga juda yaqin turibdi. U vaziyatni to‘g‘ri baholagani bois, maoshini qisqartirilishiga ham rozi bo‘lgan.
Lorentso Insine
Klubi: "Napoli"
Transfer summasi: 48 million evro
Neapol jamoasi o‘z sardori bilan maosh borasida kelisha olmayapti. Boz ustiga, italiyalikka MLS klubi aqlbovar qilmas darajada ulkan pullarni va’da qilgan. Insine qiyin tanlov oldida qoldi. Qolay desa, klubi o‘rtamiyona. Ketaman desa, MLS bu professional kareraning so‘nggi bekati. Sizningcha, Insine uchun qay biri ideal variant?
Marselo Brozovich
Klubi: "Inter"
Transfer summasi: 40 million evro
Futbolchi va klub o‘rtadagi hamkorlikni yana 3 yilga uzaytirish borasida bir to‘xtamga kelgan ko‘rinadi. Italiya matbuoti xorvatiyalik futbolchini "ko‘k-qoralar" safida barcha narsa qanoatlantirayotgani haqida yozmoqda.
Nikolas Zyule
Klubi: "Bavariya"
Transfer summasi: 35 million evro
Nikolas Myunxen klubining asosiy tarkibidan tushib qolgach, ketish haqida o‘ylab qoldi. Hozir, bir nechta yaxshi taklif olgach, bu voqea yanada tezlashib ketishi mumkin. Germaniya grandlaridan tashqari, baquvvat himoyachiga Ispaniya va Angliya jamoalari ham qiziqib qolgan. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, nemis klubi Zyulening o‘rnini yozda erkin agentga aylanishi kutilayotgan "Chelsi" himoyachisi Antonio Ryudiger bilan to‘ldirishni reja qilmoqda.
Andrea Belotti
Klubi: "Torino"
Transfer summas: 35 million evro
Belotti baribir oldinga qadam tashlashga qaror qilgan ko‘rinadi. 2015 yildan beri Turin klubi sharafini himoya qilayotgan hujumchi o‘zini top klubda sinab ko‘rmoqchi. "La Gazette dello Sport"ning ma’lum qilishicha, qishda uning agenti "Inter" bilan muzokara o‘tkazadi va yozda mijozi Milanga ko‘chib o‘tadi.
Andreas Kristensen
Klubi: "Chelsi"
Transfer summasi: 35 million evro
Juda cho‘zilib ketgan muzokaralar sababli, daniyalik himoyachi Tomas Tuxelning ishonchini ham yo‘qotdi. Nemis mutaxassisi undan qolishini iltimos qilganiga qaramay, Andreas jamadon kayfiyatda. Hammasi yanvar oyida hal bo‘lishi kutilmoqda.
Sardar Azmun
Klubi: "Zenit"
Transfer summasi: 25 million evro
O‘zbekiston terma jamoasi darvozasini Toshkentda ishg‘ol etgan hujumchi yakuniy qarorini e’lon qilib bo‘ldi. U qishdayoq boshqa chempionatga yo‘l oladi. Hozir "Lion" Azmun uchun asosiy da’vogar, biroq kurashga "Nyukasl" ham qo‘shildi. Piterliklar esa, forvardning transferidan hech bo‘lmaganda 3 million evro ishlab olishni istamoqda.
Jessi Lingard
Klubi: "Manchester Yunayted"
Transfer summasi: 20 million evro
"Vest Xem"dan super formada ortga qaytganiga qaramay, "Manchester Yunayted"da asosiy tarkib futbolchisiga aylana olmadi. Klub tarbiyalanuvchisi bo‘lishiga qaramay, uni chinakamiga kashf etgan "Vest Xem" o‘z bag‘rini ochishga tayyor turibdi. Shuningdek, bir nechta ingliz klublari ham 29 yoshli vingerni tarkibga qo‘shib olishga qarshi emas. Boz ustiga, uning uchun ortiqcha bir tsent ham to‘lashning hojati yo‘q.
Aleksandr Lyakazett
Klubi: "Arsenal"
Transfer summasi: 20 million
30 yoshni "urib" qo‘ygan futbolchi jamoa rahbarlariga uni Londonda hech narsa qoniqtirmayotganini ochiqchasiga ma’lum qildi. U yanvar oyidayoq kelajagi borasidagi yangi imkoniyatlarni ko‘rib chiqishga tayyor. Ma’lumotlarga qaraganda, "Atletiko Madrid" va "Yuventus" uni qo‘lga kiritish uchun urinib ko‘radi.
Fikrlar