Maydonda undan zo‘ri yo‘q edi yoxud Superliganing 16-turini "yondirgan" futbolchilar

  • 20 avgust, 2024, 12:35
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Kecha Superligada 16-tur yakunlandi. 4 kun mobaynida 7 ta juftlik o‘z o‘yinlarini o‘tkazdilar va ularda turli xil natijalar qayd etildi. Shu bilan birga har bir uchrashuvning eng yaxshilari ham aniqlandi.

Tecno

“Metallurg” – “Neftchi” – 0:0. Eng yaxshi futbolchi: Botirali Ergashev

Olmaliqda bo‘lib o‘tgan “Metallurg” – “Neftchi” o‘rtasidagi o‘yinda hisob ochilgani yo‘q. Lekin gol bo‘lishiga juda oz qolgandi. Bu borada “Neftchi” darvozaboni Botirali Ergashev mahoratini ko‘rsatdi. Oxirgi daqiqalarda “Metallurg” g‘alabani ilib ketishi mumkin edi. Biroq Ergashev bunga yo‘l qo‘ymadi.

“Olimpik” – “So‘g‘diyona” – 0:1. Eng yaxshi futbolchi: Muhammadyusuf Sobirov

Ivan Boshkovich jamoasi Toshkentda “Olimpik”ni yagona gol evaziga engib qaytdi. Shu kuni murabbiy darvozaga yosh iqtidorli posbon Muhammadyusuf Sobirovni qo‘ydi. Yoshlarga qo‘rqmasdan ishonch bildirayotgan Ivan Boshkovich yana bir iqtidor egasini kashf qilayotgani ko‘rindi. Sobirov bir qator vaziyatlarda jamoasini gollardan qutqarib qoldi va “So‘g‘diyona”ning g‘alabasiga hissa qo‘shdi. Darvozabon yarim jamoa iborasini u amalda ko‘rsata oldi.

“Dinamo” – OKMK – 3:2. Eng yaxshi futbolchi: Anvar Xojimirzaev

Samarqandda o‘tgan o‘yin ham juda qiziqarli, hujumkor va tomoshabop ruhda o‘tdi. 5 ta gol kiritilgan uchrashuvda “Dinamo” mag‘lubiyatni oxirgi soniyalarda g‘alabaga aylantira oldi. Anvar Xojimirzaev maydonda borini berdi. O‘zi ham maza qilib futbol o‘ynadi. Har bir golda ishtirok etdi, hujumlarni boshlash va raqib hujumlarini bloklashda ham faol o‘ynadi.

“Qizilqum” – “Nasaf” – 0:1. Eng yaxshi futbolchi: Oybek Bozorov

“Nasaf” o‘z maydonida mehmon maqomida o‘ynaydi. Chunki “Qizilqum” uy o‘yinlarni “Nasaf” stadionida o‘tkazib kelayotganidan xabardorsiz. Lekin qarshiliklar kutilmagan qiyinchilikka duch keldilar. Boisi, birinchi bo‘lim o‘rtalarida “Nasaf” legioneri qizil kartochka tufayli maydondan chetlatildi. Bu esa Ro‘ziqul Berdiev jamoasini yanada jipslashtirdi. Ayniqsa, Oybek Bozorov raqib futbolchilarga katta muammolar tug‘dirdi. Yakunda supergoli bilan o‘yin taqdirini hal qildi. Shu kuni maydonda undan zo‘ri yo‘q edi.

“Andijon” – “Surxon” – 2:3. Eng yaxshi futbolchi: Sunnatilla Hamidjonov

“Bobur arena”dagi dramatik tarzda kechgan o‘yinda mehmonlar juda muhim g‘alabani qo‘lga kiritishdi. Mehmonlar avvaliga 0:2 hisobida oldinga chiqib olishgandi. Keyin mezbonlar kuchli bosim uyushtirishi evaziga 0:2 ni 2:2 ga aylantirdilar. Aynan o‘sha vaziyatda “Surxon” himoyachisi Sunnatilla Hamidjonov jamoasi uchun oltinga teng golni urib, mehmonlarning uch ochkoni qo‘lga kiritishiga katta hissa qo‘shdi. O‘yinni faol o‘tkazgan Hamidjonov bellashuvning eng yaxshisiga aylandi.

“Paxtakor” – “Lokomotiv” – 3:1. Eng yaxshi futbolchi: Doniyor Abdumannopov

“Sherlar” “Temiryo‘lchilar”ni ortiqcha qiyinchiliksiz mag‘lub etishdi. 3:1 hisobida yakunlangan uchrashuvda “Paxtakor” yarim himoyachisi Doniyor Abdumannopov dublga erishdi. Faol o‘yini va kiritgan gollari evaziga u bahsning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.

“Navbahor” – “Bunyodkor” – 2:2. Eng yaxshi futbolchi: Jamshid Iskanderov

Namanganliklar bu turda qimmatli ochkolarini yo‘qotdi. “Bunyodkor”ga qarshi o‘yinda “Navbahor” mag‘lubiyatga yaqin edi, ammo qo‘shib berilgan daqiqalarning so‘nggisida Jamshid Iskanderov penaltidan gol urib hisobni tenglashtirib oldi. Ushbu o‘yinchi jamoa sardori sifatida maydonda katta hajmdagi ishni bajarganiga qaramasdan jamoasi baribir qimmatli ochkolardan mahrum bo‘ldi. Iskanderov esa eng yaxshi o‘yinchiga aylandi.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!