"Mash’al" "Paxtakor"ga qarshi o‘yinni bosh murabbiysiz o‘tkazadi...mi?
1 avgust kuni O‘zbekiston Superligasida ikkinchi davraga start beriladi. Birinchi davrani 12-o‘rinda yakunlagan Muborakning "Mash’al" klubi ham o‘z rejasiga binoan yozgi tayyorgarligini davom ettiryapti.
Superliganing navbatdagi turida mamlakatimizning etakchi jamoalaridan biri – "Paxtakor"ga qarshi bahs olib borishi kutilayotgan Muborakning "Mash’al" jamoasi ushbu uchrashuv oldidan tayyorgarlikni boshlab yubordi.
Otabek Narzullaev boshchiligida Muborakdagi klub bazasida mashg‘ulotlarni boshladi. Murabbiylar shtabi tomonidan tayyorlangan mashg‘ulot rejasi jamoaning jismoniy holati va taktik saviyasini yanada oshirishga qaratilgan.
Ayniqsa, yaqinda jamoaga qo‘shilgan yangi futbolchilarning mashg‘ulotlarga tezda moslashgani va jamoa muhitiga sifatli tarzda singib ketgani quvonarli hol. Ular o‘zini ko‘rsatishga intilmoqda va bu jamoa ichki raqobatini yanada kuchaytirishi shubhasiz, - deyiladi klub xabarida.
Jamoa ruhiyati yuqori, barcha a’zolar bir maqsad yo‘lida jips harakat qilmoqda. “Mash’al” muxlislari esa o‘z jamoasidan muhim uchrashuv arafasida kuchli va g‘alaba uchun chanqoq o‘yin kutishmoqda.
Bu vaziyatda muhim jihatlardan biri shundaki, "Mash’al" bosh murabbiysiz ikkinchi davraga tayyorgarligini davom ettirmoqda. Oldin xabar berib o‘tganimizdek, Asror Aliqulov oilaviy sabablarga ko‘ra ayni paytda jamoa bilan birga emas. Shuning uchun murabbiylar shtabida ishlab kelayotgan Otabek Narzullaev jamoani vaqtincha boshqarishda davom etmoqda va u "Mash’al"ni "Paxtakor" bilan bo‘ladigan o‘yinga tayyorlamoqda. Aliqulov 1 avgustga qadar jamoaga qaytadimi? Hozircha bu xususida bir nima deyish qiyin. Balki qaytar, balki...
Albatta, muborakliklar ikkinchi davrani muhim o‘yin bilan boshlashadi. Shu bilan birga raqib murakkab. "Mash’al"da endilikda "Paxtakor"ni engish salohiyati qay darajada shakllanganini o‘sha o‘yin kuni ko‘ramiz. Yozgi tayyorgarlik jarayonida tarkibda ham o‘zgarishlar yuz berdi. Lekin yana bir jihatni unutmaslik kerakki, Aliqulovning yo‘qligi futbolchilarga qanchalik ta’sir ko‘rsatarkin?
Eslatib o‘tamiz, “Mash’al” – “Paxtakor” uchrashuvi joriy yilning 1 avgust kuni, G‘uzor shahridagi “Sho‘rtan” markaziy stadionida bo‘lib o‘tadi.



Fikrlar