
Marushich "Neftchi"ga urgan goli bilan "Navbahor" tarixidan joy oldi
Xabaringiz bor, ayni paytda “Navbahor” O‘zbekiston Soca Cola Superligasida 22-tur bahslaridan keyin 43 ochko to‘plagan holda, 2-o‘rinni egallab turibdi.
Jamoamiz ayni paytgacha raqiblar darvozasiga 26 ta gol urdi. Farg‘onada bo‘lib o‘tgan “Neftchi” – “Navbahor” (1:2) bellashuvida mezbonlar darvozasiga kiritilgan ikkinchi to‘p jamoamizning O‘zbekiston milliy chempionatlarida urgan yubiley, ya’ni, 1450-goli sifatida tarixdan joy oldi.
Ushbu golga esa mazkur uchrashuvning 64-daqiqasida “lochinlar”ning 28 yoshli serbiyalik tajribali hujumchisi Zoran Marushich mualliflik qildi va mazkur gol evaziga “Navbahor” Farg‘onadan 2:1 hisobidagi g‘alaba bilan qaytdi.
Shu tariqa, Marushich “Navbahor”ning yubiley gollarini urgan futbolchilar ro‘yxatidan joy oldi.
“Navbahor” 1450-gol marrasini Toshkentning “Paxtakor” va Farg‘onaning “Neftchi” klublaridan so‘ng, uchinchi bo‘lib qayd etdi.
Izoh: 2001 yilgacha milliy chempionatlarimizda texnik g‘alabaga erishgan jamoalarga 3 tadan gol yozilgan hamda “Navbahor”ning hisobida shu yilgacha bo‘lgan davrda 3 ta texnik g‘alaba bor.
Biroq, jamoamizning milliy chempionatlarimizdagi barcha ko‘rsatkichlari va ortda qolgan barcha mavsumlarning yakuniy turnir jadvallaridan kelib chiqadigan bo‘lsak, “Navbahor”ning hisobida hozirda 1450 ta gol mavjud.
“Navbahor” PFK matbuot xizmati.
Fikrlar