O‘zbekistonda mavsum yakuniga etgan va jamoalar yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rish rejalarini ishlab chiqmoqda. Shuningdek, ayrim klublarni etakchi futbolchilar tark etmoqda.
Bu mavsum OChL, Superliga va O‘zbekiston kubogida g‘oliblik uchun kurash olib borgan "Nasaf" klubi yakunda ketma-ket ikki marta O‘zbekiston kubogida g‘alabani tantana qildi. Shuningdek, "ajdarlar" chempionlar ligasida ham yurishini davom ettirmoqda. Biz shu kabi mavzular borasida jamoaning legioner yarim himoyachisi Marko Stanoevichning fikrlari bilan qiziqdik.
U o‘tgan mavsumda qayd etilgan natijalar, klub bilan shartnomani uzaytirish yoki uzaytirmasligi va Superligadagi eng yaxshi futbolchi kim ekani haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

- Xayrli kun, Marko! Ilk savolim o‘tgan mavsum haqida. U haqda nimalar deya olasiz? Hissiyotlar junbushga keltirgan mavsum bo‘ldi, adashmasam...
- Ha, albatta! Mavsum ajoyib boshlandi va shu tarzda yakunlandi. Oxirgi turlargacha hammasi zo‘r ketayotgandi. Keyin men jarohat oldim... Shu narsa menga salbiy ta’sir o‘tkazdi.
- "Nasaf" yakunlangan mavsumni OChLdagi ajoyib start bilan boshlagandi. Keyinchalik kubokda ham zafar quchdingiz. Superligada g‘olib bo‘lish uchun nima etishmadi? Balki bu sizning jarohatingizdir...
- Biz OChLda tarix yarata oldik. O‘tgan yildagi kabi kubokda ham eng kuchli jamoa bo‘ldik. Chempionatni ham yutishga harakat qildik. Ammo afsuski, bu vazifani uddalay olmadik. Balki bizga shunchaki omad etishmagandir...
- OChL, Superliga va O‘zbekiston kubogidan faqat bittasini tanlash kerak bo‘lsa, qay birini afzal ko‘rardingiz?
- Har biri muhim. Ammo tanlash kerak bo‘lsa, menga Superliga ahamiyatliroq. Chunki "Nasaf" chempionatda g‘alaba qozonmagan va shuning o‘zi sabab uchun etarli bo‘ladi.
- Klub safida shu paytgacha sizga qiyinchilik tug‘dirib kelgan narsa nima bo‘ldi?
- Uch mavsumdan beri "Nasaf"da to‘p tepib kelmoqdaman. Bu erda ekanimdan baxtiyorman. Savolga keladigan bo‘lsak, bu jarohatlar edi, deya olaman. Ko‘p o‘yinlarni aynan shu tufayli o‘tkazib yubordim.
- "Ajdarlar"ning OChLdagi imkoniyatini qanday baholaysiz?
- Chempionlar ligasi - jiddiy musobaqa! Biz kuchli raqibga qarshi bahs olib boramiz va borimizni berishga tayyormiz.
- Sizningcha, O‘zbekistonda "Nasaf" uchun eng jiddiy raqib qaysi?
- O‘zbekistondagi eng yaxshi klub - "Paxtakor"! Menimcha, ular bizning asosiy raqibimiz. "Navbahor" ham yaxshi jamoa. Biroq "sherlar" chempionatda so‘nggi yillarda g‘alaba qozonib kelmoqda. Biz ulardan yaxshiroq bo‘lishimiz lozim.
- Tushunarli, chempion bo‘lish uchun hamma narsa o‘z o‘rnida bo‘lishi kerak. Ammo bu yil deyarli barcha klublar hakamlar ustidan shikoyat qildi. Hakamlik va O‘zbekistondagi VAR tizimi borasida nima deya olasiz?
- Hatto jahon chempionatida ham shu mavzu katta bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Men bu to‘g‘risida gapirishni ma’qul ko‘rmayman. Har bir inson xato qiladi va bu tabiiy jarayon.
- Yil yakunlangach, klub bilan tuzilgan shartnomangiz nihoyasiga etadi. Yangi kelishuv borasida rahbariyat bilan gaplashdingizmi yoki jamoani tark etish haqida o‘ylayapsizmi?
- Kelasi mavsumga tayyorgarlik olib boryapman. Ammo rostan hali shartnoma imzolamadim. Ko‘ramiz, vaziyat hozircha noma’lum bo‘lib turibdi.
- Qaysi jamoalardan takliflar mavjud. Yana O‘zbekistonda qolish rejangizda bormi?
- Hozir takliflar haqida o‘ylayotganim yo‘q. Imkon bo‘lishi bilan maydonga qaytishni istayapman. "Nasaf"ga yaxshi natijalar uchun yordam berishni xohlayman.
- Bu erda siz qarshi to‘p tepgan uchta eng kuchli futbolchi...
- Mamlakatingizda saviyali futbolchilar etarlicha. Men uchun Dragan Cheran eng kuchlisi! Oxirgi yillarda u fantastik o‘yin namoyish etmoqda.
Ochig‘i, hamma klubdan yaxshi futbolchilarni sanab berishim mumkin. Hozir faqatgina ikki futbolchi nomini aytsam, adolatsizlik qilgan bo‘laman!
- Tushunarli! Alohida vaqt ajratib, javob berganingiz uchun rahmat! Kelgusi faoliyatingizga muvaffaqiyatlar tilab qolamiz!!!
- Sizga ham rahmat! Salomat bo‘ling!!!
Shohrux Zoirov suhbatlashdi.
Fikrlar