
Marko Stanoevich: "O‘zimga qolsa, faoliyatimni oxirigacha "Nasaf"da qolgan bo‘lardim"
Bu yil 37 yoshga to‘ladigan serbiyalik yarim himoyachi Marko Stanoevich yangi mavsumni Samarqandning “Dinamo” klubida boshlashidan xabaringiz bo‘lsa kerak. 5 yil davomida “Nasaf” sharafini munosib himoya qilgan legioner uchun uning Qarshidagi hayoti yakuniga etdi.
Stanoevich endi “Dinamo” o‘yinchisi sifatida yangi mavsumga e’tiborini qaratgan. Fursatdan foydalanib, Marko bilan bog‘landik va u saytimiz uchun “Nasaf”ni tark etishi va “Dinamo”ga o‘tishi haqida gapirdi.
- Marko, “Nasaf”dagi besh yillik faoliyatingiz kutganingizdan ham muvaffaqiyatli o‘tdimi?
- “Nasaf”da o‘tgan besh yil juda yaxshi kechdi. O‘tgan vaqt davomida ko‘plab sovrinlar va unvonga ega chiqdik. “Nasaf”ning asosiy maqsadi ham aslida shu. Klub bunday yutuqlarga chiroyli o‘yinlari orqali erishishni yoqtiradi.
- “Nasaf” sizga nima berdi yoki siz klubga nima bera oldingiz?
- O‘tgan besh yil davomida men bilan elkama-elka to‘p surgan barcha jamoadoshlarimdan xursandman. Ular bilan xuddi aka-ukalardek qadrdon bo‘lib ketgandik.
- Ayting-chi, jamoadan ketishni o‘zingiz xohladingizmi yoki...
- Albatta, yo‘q. Bu klub va murabbiy tomonidan qabul qilingan qaror.
- Faoliyatingiz davomida eng ko‘p o‘ynagan jamoangiz “Nasaf” bo‘ldi. U erda 5 yil mobaynida sizni nima ushlab turdi?
- Albatta, besh yil ham o‘ziga yarasha vaqt va men hammasi shunday nihoyasiga etishini xohlamagandim. O‘zimga qolsa, to faoliyatimning oxirigacha “Nasaf”da jon deb qolgan bo‘lardim.
- “Dinamo”ga o‘tishingizga asosiy sabab nima?
- Hali ham futbol o‘ynashni xohlayman. Shu bois “Dinamo”dan qo‘ng‘iroq qilishganidan keyin o‘ylanib o‘tirmadim va darhol rozilik berdim.
- “Nasaf”da bir qancha sovrinlarni qo‘lga kiritdingiz. “Dinamo”da nima yutishni xohlaysiz?
- “Nasaf”da o‘tkazgan besh yil davomida Kubokni, chempionatni va Superkubokni yutdim. “Dinamo”da ham bunday muvaffaqiyatli odimni davom ettirishni istayman. Bu klub bilan ham sovrinlarga ega chiqishimizni juda xohlayman.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar