
Mantiqsiz e’tirozlar va tuxmatdan tiyiling!
Futbol jamoatchiligidabir necha kunning eng dolzarb masalalaridan biri "The Best 2022" g‘oliblari bo‘lsa kerak. "Faqat mundialda yorqin o‘ynaganlar bu sovringa ega chiqadimi"?, "Martinesdan ko‘ra Kurtua ko‘proq haqli edi" va yana shunga o‘xshash ko‘plab e’tirozlar guvohi bo‘lyapman. FIFA o‘z turnirini birinchi planga qo‘ydimi? Bilmadim, ammo har to‘rt yilda mezon aynan mundial bo‘lishi tabiiy. Jahon chempionati katta voqelik.
Nega unda 2014'da Noyer, 2010'da Sneyder yoki Inesta "The Best"niolmagan? Sababi, u paytlari "The Best"ning o‘zi yo‘q edi. Ushbu mukofotga 2016 yilda tasis solingan. "The Best"ni Messi ikkinchi marotaba yutdi (2019, 2022). Ronaldu (2016, 2017) va Levandovskida (2020, 2021) ham 2 ta. Modrichda bitta (2018). 2018 yilda Ronaldu EChLda to‘purar bo‘lgani va boshqa statistikalar chetga surib qo‘yilgan va eng yaxshi futbolchi maqomi mundialni yondirgan xorvatga berilgan. Darvozabon masalasi ham shunday. Kurtua Rossiyada o‘tgan JChni ajoyib o‘tkazgan. Eng yaxshi murabbiy esa Frantsiya ustozi Dide Desham bo‘lgan. Musobaqaning eng yaxshilari ham aynan shu uchlik edi.
Qatarda o‘tgan mundialda Messi eng yaxshi futbolchi, Skaloni eng yaxshi murabbiy, Martines esa eng yaxshi kiper bo‘ldi. Xuddi shu uchlik "The Best" talqiniga ko‘ra ham mavsumning eng yaxshilari bo‘ldi. Xuddi 2018'dagi holat. Dejavyu.
Skaloni haqli. U yosh murabbiy bo‘lishidan qat’i nazar, katta muvaffaqiyatga erishdi. Martines ikki marotaba penaltilarda jamoasi joniga oro kirdi. Shulardan bittasi finalda edi. Leo haqida ortiqcha to‘xtalish shart emas.
O‘zi g‘olib qay usulda aniqlanadi? Oddiy va sodda tushintiraman. FIFAga a’zo bo‘lgan terma jamoalar bosh murabbiyi, sardori va o‘sha mamlakatning ko‘zga ko‘ringan jurnalisti ovoz berishda bevosita ishtirok etadi. Umumiy ovozlar hisoblanib, g‘olib nomi aniqlanadi. Shunchaki, kimgadir berib yuborilmaydi.
Misol uchun, Katanets, Shomurodov va Davron Fayziev ham ovoz berishda ishtirok etdi. Shomurodov va Fayzievning uchligi bir xil - Messi, Mbappe va Benzema. Katanets esa Mbappe, Levandovski va Xolandni tanlagan. Biz bilgan top terma jamoalarning sardorlari va murabbiylari ham ushbu jarayonda ishtirok etdi.
Shundan xulosa qilsak, "The Best" o‘z egasiga adolatli tarzda topshirildi. Futbolni ichida yurgan insonlarning o‘zi shu tanlovni amalga oshirgan. Aslida, FIFA kriteriyalari yoki FIFAning mantiqsizligi, deb aytishning o‘zi xato. E’tirozlar bo‘lsa, ovoz berganlarga murojaat qilaverish kerak. Bahs-munozara yaxshi, ammo asossiz tuxmatning keragi yo‘q va bundan naf ham yo‘q.
Fikrlar